Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilgan ishlar natijadorligi va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda mamlakatimizda sog‘lom turmush tarzini keng ommalashtirish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.
Badantarbiya qilish, yugurish, velosiped haydash kabi odatlarni targ‘ib qilish, yengil kasalliklarni ham dori bilan tuzatishga o‘rganib qolishning oldini olish zarurligi qayd etildi. Bu yo‘nalishda tushuntirish ishlarini, ayniqsa 30 yoshdan katta aholiga mo‘ljallangan ommaviy dasturlarni ko‘paytirish muhim ekani ko‘rsatib o‘tildi.
Sport vazirligiga 30 yoshdan katta aholini ommaviy sport bilan qamrab olish dasturini yo‘lga qo‘yish topshirildi.
Prezidentimiz “mahalla yettiligi”ni odamlarni jismoniy mashq, yurish, yugurish, velosiped haydashga chorlashda faol ishtirok etishga chaqirdi.
Professional va maktablarda faoliyat yuritayotgan sport trenerlarini mahallalarga biriktirish, tibbiyot brigadalari, oilaviy shifokor va poliklinikalar ishiga aholini to‘g‘ri ovqatlanish va sog‘lom turmush tarzini o‘rgatish bo‘yicha yangi-yangi yondashuvlarni joriy qilish muhimligi qayd etildi.
Mahallalarning jismoniy faollik reytingi tuzilishi, eng yaxshi mahalla va oilalarni rag‘batlantirilishi belgilandi.
Yig‘ilish davomida mutasaddilarning hisobotlari va rejalari tinglandi.
O‘zA