Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilgan ishlar natijadorligi va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi davom etmoqda.
Prezident keyingi yilda “Yashil makon” dasturi uchun 100 milliard so‘m ajratilishini e’lon qildi.
Endilikda daraxtlarni 3 yil parvarishlash, kasallikdan saqlash, sug‘orish xarajatlari ham investitsiya dasturiga kiritiladi.
Sug‘orish tizimi bo‘yicha 2 ta tajriba amalga oshiriladi. Xususan, 27 ta tumanda sug‘orish tizimi yaratish uchun 1 tadan quduq qazishga ruxsat beriladi. G‘allaorol tumanidagi tog‘larda qor-yomg‘ir suvini yig‘uvchi 10 ta geo-membrana o‘rnatilib, daraxtlarni sug‘orish tizimi yaratiladi. Bahorda 14 ta tumanning tog‘ va adir qiyaliklarida qavat-qavat qilib, terrasa usulida 500 gektarda daraxt ekish boshlanadi.
Viloyat hokimliklariga “Mening bog‘im” loyihasi bo‘yicha yashil bog‘ yaratishga kamida 1 gektar, yashil jamoat parki uchun yarim gektardan yer ajratish topshirildi.
Bu maydonlar ekish mavsumigacha “Ochiq byudjet” portaliga qo‘yilib, daraxt turlari bo‘yicha tavsiya va ularning narxi ko‘rsatiladi. Bunda, parvarishlashda mas’uliyatsizlik qilgan shaxslarni mobil ilova orqali ogohlantirish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Hokimlarga barcha obodonlashtirish bo‘limlarini 20 tadan sug‘orish mini-texnikasi bilan ta’minlash topshirildi.
O‘zA