Ta’lim tizimini takomillashtirish, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish va innovatsion g‘oyalarni amalga oshirishda mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlik katta ahamiyatga ega. Ayniqsa, har bir mamlakat o‘zining ta’lim va ilmiy tadqiqotlaridagi muvaffaqiyatlarini boshqalarga taqdim etish orqali umumiy bilim va tajribani boyitadi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov Eron Islom Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Muhammadali Iskandariy bilan uchrashdi. Muloqotda ikki mamlakat o‘rtasidagi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va hamkorlik masalalari e’tirof etildi.
O‘zbekistonda fan va texnologiyalar rivoji, ilmiy-tadqiqot sohasidagi yutuqlar hamda xalqaro hamkorlikni mustahkamlash borasida erishilgan natijalar ta’kidlandi. Ayniqsa, axborot texnologiyalari, qishloq xo‘jaligi, iqlim o‘zgarishi, suv tejamkorligi va irrigatsiya texnologiyalari yo‘nalishlarida olib borilayotgan tadqiqotlar hamda amaliy loyihalar tanlovi yutuqlari qayd etildi.
Ikki davlat olimlari o‘rtasida qo‘shma ilmiy loyihalarni davom ettirish va yosh olimlar almashinuvi muhim ahamiyatga ega. Shuningdek, O‘zbekistonlik yosh olimlar uchun Eronning ilg‘or oliy ta’lim va ilmiy muassasalarida qisqa muddatli stajirovka dasturlarini davom ettirish, xalqaro ilmiy forumlar va konferensiyalarda birgalikda ishtirok etish masalalari ham muhokama qilindi.
Elchi Muhammadali Iskandariy texnologiyalar, oliy ta’lim va ilmiy muassasalar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada faollashtirish muhimligini aytib, bu takliflarni amalga oshirishda o‘zaro sa’y-harakatlarni kuchaytirish zarurligini ta’kidladi. Shu bilan birga, Tehronda o‘tkaziladigan xalqaro ko‘rgazmada O‘zbekiston vakillarini ishtirok etishga taklif etdi.
M.Hojiakbarova, O‘zA