Nukus shahridagi Do‘stlik maydoni oldida tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining navbatdagi ommaviy tadbiri tashkil etildi.
“Erkin va farovon, qudratli Yangi O‘zbekistonni birgalikda quramiz!” shiori ostidagi tadbirda minglab tadbirkorlar, fermerlar, ta’lim va tibbiyot sohasi xodimlari, madaniyat va san’at sohasi vakillari, partiya faollari hamda yoshlar ishtirok etdi.
Targ‘ibot tadbirida so‘z olganlar partiyaning kelgusi besh yillikdagi asosiy taklif-tashabbuslariga to‘xtalib o‘tdi. Jumladan, O‘zLiDeP tadbirkorlar faoliyatiga aralashganlik uchun davlat organlari mansabdor shaxslarining javobgarligini kuchaytirish, qonuniy faoliyat yuritayotgan va soliqlarni o‘z vaqtida to‘layotgan tadbirkorlarni tekshirmaslik hamda xususiy mulk daxlsizligini ta’minlashga jiddiy e’tibor qaratadi.
Shuningdek, qonun talablariga rioya etmagan holda yer uchastkalarini olib qo‘yish, mol-mulkka zarar yetkazish uchun jinoiy javobgarlikni kuchaytirish kabi yo‘nalishlarda partiya zimmasiga olayotgan vazifalar ham nihoyatda dolzarb ahamiyatga ega. Partiyaning suv xo‘jaligi, ekologiya, energetika sohalarida davlat-xususiy sheriklikni, yo‘l qurilishi, gaz va elektr yetkazib berish sohalariga esa xususiy biznesni keng jalb etish bo‘yicha o‘z oldiga qo‘yayotgan vazifalari hududlarni kompleks rivojlantirish uchun muhim qadamlardir.
Partiya saylovoldi dasturida ta’lim sohasini yanada rivojlantirish uchun ham bir qator takliflarni ilgari surmoqda. Xususan, davlat tashkilotlaridan mustaqil va xolisona baholaydigan nodavlat “ta’lim auditi” tizimini joriy qilish, maktablar o‘rtasida o‘tkaziladigan barcha tanlov va tadbirlarda nodavlat maktablarning ishtirokini ta’minlash, shuningdek, respublika va xalqaro olimpiadalarda g‘olib bo‘lgan o‘quvchilarning o‘qituvchilari uchun beriladigan mukofotlar hajmini oshirish – ta’limga bo‘lgan e’tiborni yana kuchaytiradi. Bundan tashqari, partiya dunyodagi eng nufuzli 500 ta xorijiy oliygoh bilan hamkorlikda kamida 50 ta qo‘shma o‘quv dasturi va “ikki diplomli tizim”ni joriy etish, oliygohlar uchun qo‘shimcha 120 ming o‘rinli o‘quv binosi va 150 ming o‘rinli talaba turar joylarini qurish, oliy ta’lim muassasalari ilmiy salohiyatni 70 foizga yetkazishni o‘zining ustuvor vazifasi deb biladi.
Partiya saylovoldi dasturida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va agrar sohani rivojlantirish borasida ham qator ustuvor vazifalar belgilangan. Bu borada aholining sifatli oziq-ovqat mahsulotiga bo‘lgan talabini to‘la qondirish va ichki bozorda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari narxlari barqarorligiga erishish, qishloq xo‘jaligida 1 gektar yerdan olinadigan o‘rtacha daromadni 5 ming dollarga yetkazish partiyaning bosh vazifasidir. Shuningdek, foydalanilmayotgan maydonlarni o‘zlashtirish hisobiga 300 ming gektarda intensiv bog‘ va uzumzor barpo etish, har bir mahallada yetishtirilgan mahsulotlarni qabul qilish, saralash, saqlash, qayta ishlash va sotishga ko‘maklashuvchi shoxobchalarni tashkil etish kabi vazifalar ham partiya saylovoldi dasturiga kiritilgan.
Targ‘ibot tadbirida partiyaning barqaror, sodda va adolatli soliq siyosatini joriy etish, mamlakatimiz eksport salohiyatini yuksaltirish, barqaror va samarali moliyaviy xizmatlar bozorini shakllantirish, infratuzilma va turizmni rivojlantirish hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash kabi yo‘nalishdagi vazifalari bo‘yicha ham batafsil ma’lumot berildi.
Targ‘ibot tadbiri mashhur san’atkorlarning kuy-qo‘shiqlariga ulanib ketdi va ishtirokchilar partiyaning maqsad va g‘oyalarini to‘liq qo‘llab-quvvatlashlarini bildirdi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.