Bino bank balansiga o‘tkazildi

Tadbirkorlik sub’ektlariga biznesni rivojlantirish maqsadida tijorat banklari tomonidan kredit mablag‘lari ajratilmoqda.
Lekin, kreditni qaytarish majburiyatini o‘z vaqtida bajarmayotgan jamiyatlarning borligi esa achinarli.
Masalan, Majburiy ijro byurosi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Beruniy tuman bo‘limi ish yurituvidagi Beruniy tumanlararo iqtisodiy sudining joriy yil 2 maydagi qaroriga asosan “CROWN GROUP” mas’uliyati cheklangan jamiyatdan aksiyadorlik-tijorat “Biznesni rivojlantirish banki” foydasiga 5 milliard 395 million so‘m undirish belgilangan.
Qarzdorga ushbu ijro hujjati ijrosini ta’minlash haqida ogohlantirishlar berilgan va qarz uchun unga tegishli bo‘lgan Beruniy tumanida joylashgan qiymati 5,6 milliard so‘mlik bino Majburiy ijro byurosi Beruniy tuman bo‘limi davlat ijrochisi tomonidan tegishli tartibda xatlovga olingan.
Shunga qaramasdan, qarzdor tomonidan ijro hujjati talabi bajarilmaganligi sababli, xatlangan ko‘chmas mulk elektron onlayn-auksion savdo maydoni orqali sotuvga chiqarilgan. O‘tkazilgan auksion savdolarida sotuvga chiqarilgan binoga xaridor topilmaganligi sababli ushbu mulk qarzdorlik evaziga “Biznesni rivojlantirish banki” balansiga o‘tkazildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.