Kredit puli evaziga CAPTIVA auksionda sotildi

Hozirda avtomashinali bo‘lish istagida bo‘lgan fuqarolarga banklar tomonidan uzoq muddatga bo‘lib to‘lash sharti bilan avtokreditlar ajratilmoqda.
Lekin, ushbu ajratilgan kredit pullarini belgilangan muddatda qaytarmaslik salbiy holatni keltirib chiqarmoqda. Xususan, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Beruniy tumanlararo sudining 2024 yil 3 iyundagi ijro hujjatiga asosan kredit qarzini o‘z vaqtida qaytarmagan qarzdor M.F. dan “Kapitalbank” aksiyadorlik-tijorat banki foydasiga 278,4 million so‘m undirish, uni esa kreditga olingan CAPTIVA rusumli avtotransport vositasiga qaratish belgilandi.
Majburiy ijro byurosi Beruniy tuman bo‘limi tomonidan qarzdorga tegishli bo‘lgan, undiruv qaratilishi belgilangan avtomashina tegishli tartibda xatlovga olindi. Shunga qaramasdan, kredit qarzdorligi bartaraf etilmaganligi sababli, xatlangan avtomashina elektron onlayn auksion savdo maydoni orqali sotuvga chiqarildi.
O‘tkazilgan auksion savdolarida CAPTIVA avtomashinasi 244,2 million so‘mga sotilib, undan tushgan pul mablag‘i bank foydasiga o‘tkazildi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri.