Qoraqalpog‘iston Respublikasi Taxtako‘pir tumanidagi Qarateren ko‘li bo‘yida yangidan barpo etilgan etno-turistik majmuaning tantanali ochilish marosimi o‘tkazildi.
“Bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” shiori ostida o‘tkazilgan tadbirda chet eldagi vatandoshlarimiz va qo‘shni viloyatlardan kelgan mehmonlar, keng jamoatchilik hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Dastlab majmuada barpo etilgan amfiteatrda O‘zbekiston davlat konservatoriyasi Nukus filiali simfonik orkestri tomonidan tayyorlangan konsert dasturi namoyish etildi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni yangi qurib bitkazilgan etno-turistik majmuaning foydalanishga topshirilishi munosabati bilan qutladi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda katta o‘zgarish va yangilanishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada turizmni rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratilib, keng ko‘lamli choralar amalga oshirilmoqda.
Qarateren ko‘li atrofi va yaqin qishloqlar ko‘p yillardan buyon ijtimoiy ob’ektlar, uy-joylar, infratuzilma ob’ektlari yaroqsiz holga kelib qolgan, hududda ishsizlik odamlarni qiynayotgan eng katta muammolardan biriga aylangan edi. Bugungi kunga kelib, atrofdagi qishloqlar obod qilinib, yangi ish o‘rinlari yaratish, fuqarolarning turmush farovonligini ta’minlash bo‘yicha ishlar davom etmoqda.
Yangidan qad rostlagan sayyohlik manzili 30 milliard so‘mlik mablag‘ evaziga qurib bitkazildi. Aholi hamda mehmonlarning mazmunli hordiq chiqarishi uchun barcha qulay sharoit yaratildi. Ochilish marosimida yurtimiz rivoji yo‘lida munosib hissa qo‘shib kelayotgan bir guruh vatandoshlar munosib taqdirlandi.
Bundan so‘ng turli millat vakillarining milliy urf-odat va an’analari mujassam etilgan teatrlashtirilgan kompozitsiyalar namoyish etildi. Qoraqalpoq, o‘zbek, qozoq, turkman xalqlarining milliy an’analarining namunalari ochilish marosimining chin ma’noda gultoji bo‘ldi desak, adashmagan bo‘lamiz. Bu orqali turli xalqlarning milliy o‘ziga xos urf-odatlari va marosimlari bilan bir qatorda, xalqlar do‘stligi, millatlararo totuvlik namunasi ko‘rsatilib, bu o‘z navbatida tadbirga o‘ziga xos zavq bag‘ishladi.
Ochilish marosimi doirasida Orol baliqlaridan 99 xil taom, turli millat vakillarining ko‘rgazmalari, tasviriy san’at namunalari, teatrlashtirilgan xoreografik konsert dasturi namoyish etilib, bu o‘z navbatida mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.