Qirg‘iz Respublikasi poytaxti Bishkek shahrida Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar iqtisodiyot va savdo vazirlarining 13-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Qozog‘iston hukumati matbuot xizmati xabariga ko‘ra, yig‘ilishda Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Qirg‘iz Respublikasi va Vengriya davlatlaridan vazirlar ishtirok etdi.

Uchrashuvning asosiy mavzusi TDTga a’zo davlatlarning kelgusi hamkorligini mustahkamlash va iqtisodiy rivojlantirish masalalari bo‘ldi.

TDT davlatlarining barcha vazirlari Qozog‘istonning “Yashil moliya” bo‘yicha kengash, shuningdek, tashkilotga a’zo davlatlarning Markaziy (milliy) banklari kengashini tashkil etish tashabbuslarini qo‘llab-quvvatladilar.

Eslatib o‘tamiz: iqtisodiyot va savdo vazirlarining navbatdagi yig‘ilishi Turkistonda bo‘lib o‘tadi, u yerda “Turan” maxsus iqtisodiy zonasining ochilishi rejalashtirilgan.

G.Sattorova, O‘zA