– U har kuni Isroil gazetalarini o‘qirdi va o‘zlaridan ham yaxshiroq tushunardi, – dedi ekspert “Sky News” nashriga. – Shuning uchun u 2023 yil oktyabr oyida harbiy amaliyotni juda samarali amalga oshirib, raqibni aldash va ehtiyotkorona tutish qobiliyatini namoyon etdi.

Yahyo Sinvar 2017 yildan buyon G‘azoda XAMASga rahbarlik qilgan, guruh safiga o‘tgan asr 80-yillari boshida qo‘shilgan. Iyul oyida Tehronda Ismoil Xaniya o‘ldirilgach, Sinvar uning o‘rniga siyosiy byuro rahbari etib tayinlandi va butun guruh ustidan nazorat o‘rnatdi. Yahyo Isroilda eng ko‘p qidirilayotgan – “yurayotgan o‘lik odam” edi. Bir paytlar uni bunkerda “o‘rab olingan va izolyatsiya qilingan” deya da’vo qilgan Bosh vazir Binyamin Netanyaxu.

Mintaqada so‘nggi keskinlik boshlanganiga bir yildan oshdi. 17 oktyabr kuni Isroil mudofaa kuchlari “Yovuzlik yuzi”, “Xon Yunisning qassobi” laqablari bilan tanilgan shaxs o‘ldirilganini tasdiqladi.

Yahyo Sinvar 1962 yil G‘azo janubida, Xon Yunis shahridagi qochqinlar lagerida tug‘ilgan. 1978 yil ikki kishi tomonidan tashkil etilgan G‘azo Islom universitetida arab tilini o‘rgangan. Ulamo Shayx Ahmad Yasin va Mahmud Az-Zahar 1987 yil “Musulmon birodarlar”ning G‘azodagi siyosiy bo‘linib ketgan guruhi sifatida XAMASga asos solgan. Yahyo ayniqsa Yasin bilan yaqin edi. Isroil xabarlariga ko‘ra, Sinvar isroilliklar bilan hamkorlik qilishda gumonlanganlarni o‘ldirish uchun Yasin unga fatvo (islom qonunchiligidagi hukm) berganini aytadi. U birinchi marta 1982 yil qo‘poruvchilik faoliyati uchun hibsga olingan. Qamoqxonada XAMASning boshqa muhim a’zolari, jumladan o‘zining harbiy qanoti Qassam brigadalari sobiq rahbari Saloh Shihod bilan uchrashgan. 1985 yil hibsga olinib, yana qamoqqa tashlangach, u XAMASning ichki xavfsizlik bo‘limi – Majid Forcga mas’ul etib tayinlangan.

Sinvar 1988 yil turmada Isroil mudofaa kuchlari ikki askarini o‘g‘irlab ketish va o‘ldirishga yordam bergan. Natijada u Isroil qamoqxonasida 22 yilga hukm qilingan. Hibsda Yahyo vaqtni o‘z foydasiga ishlatdi – dushmanini yaxshiroq tushunish uchun ibroniy tilini mukammal o‘rgandi va Isroildagi XAMAS asirlari rahbari bo‘lishga harakat qildi. Qamoqdan chiqqach, Isroil televideniyesiga chiqish qildi va ibroniy tilida gapirib, XAMAS bilan sulh tuzishga chaqirdi. U 2011 yil 1000 dan ortiq falastinlik asirni garovga olingan birgina isroillik askar Gilad Shalitga almashtirish doirasida ozod etilgan edi.

Sinvar qamoqqa olinishi haqida shunday degan: Ular qamoqxona biz uchun qabr, irodamiz va tanamizni maydalaydigan tegirmon bo‘lishini xohladilar, ammo biz o‘z ishimizga ishonchimiz bilan qamoqxonani ibodatxona va o‘qish uchun akademiyaga aylantirdik.

O‘z ukasini dafn etishga majbur bo‘lgach, u G‘azoga qaytib XAMASning eng yuqori minbarlarida ta’sirini oshirib bordi.

Falastin tarixidagi afsonaviy shaxs

AQSH hukumati tomonidan terrorchi, deb topilgan Yahyo Sinvar 2017 yil boshida G‘azodagi XAMAS yetakchisi sifatida Xaniyani almashtirgan va 2021 yil qayta saylangan. Keyinroq suiqasddan omon qolgan. Uch yildan so‘ng Tehronda Xaniya o‘ldirilgach, yana bir bor siyosiy rahbar bo‘ldi. Yetakchi sifatida Isroil chegarasida norozilik namoyishlari va raketa zarbalarini kuchaytirib, guruhning kuch ishlatish usulini yoqladi. Harbiy bilimi bilan u XAMASning qurolli va siyosiy qanotlarini birlashtira olgan shaxs sifatida ko‘rilgan.

Doktor Bregman Sinvarni kamgap odam, tabiiy lider, xarizmatik, yashirin va manipulyatsiya qiluvchi, deya ta’riflab, 7 oktyabr xurujining me’mori sifatida u 1948 yil Isroil davlati barpo etilgandan beri yahudiylar boshiga eng dahshatli falokat keltirgan shaxs sifatida yodda qoladi, – deya qo‘shimcha qildi.

Isroil bosh harbiy voizi, kontr-admiral Daniel Xagari ham 7 oktyabrdagi hujumda Sinvarni aybladi. Uning usullari “varvarlik” bo‘lsa-da, doktor Bregmanning fikricha, Falastin nuqtai nazarida, ular hozir to‘layotgan dahshatli bahoga qaramay, buyuk g‘alaba sifatida ko‘riladi. Sinvar Falastinning buyuk rahbarlari ooasida o‘z o‘rnini topdi. Binobarin, G‘azodagi odamlar guvohligi shuni ko‘rsatadiki, Yahyoning zo‘ravonlik usullari tufayli XAMASdan ko‘pchilikning ko‘ngli qolgan.

Shunga qaramay, u Falastin tarixida afsonaviy shaxs sifatida qolishiga shubha yo‘q.

Muharrama Pirmatova, O‘zA