FOTOREPORTAJ

Nukusda Fuqarolik tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash markazi Qoraqalpog‘iston hududiy bo‘limi tomonidan “Oiladagi zo‘ravonlik – ommaviy axborot vositalari vakillari nigohida” mavzusida forum o‘tkazildi.

Tadbir Yevropa Ittifoqining mamlakatimizdagi vakolatxonasi moliyalashtirivuda “NIHOL” hamda “Equality Now” markazlari qo‘llab-quvvatlashida “O‘zbekistonda gender tenglikni ilgari surishda fuqarolik jamiyatlari rolini kuchaytirish hamda barqaror hamkorlikni yo‘lga qo‘yish” loyihasining O‘zbekistonda jinsiy zo‘ravonlik muammosi to‘g‘risida Advokatsion kompaniya doirasida tashkil etildi.

Fuqarolik tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash markazi Qoraqalpog‘iston hududiy bo‘limi direktori, loyiha rahbari Gulsara Jollibekova mavzu yuzasidan taqdimot qilib, bu borada amalga oshirilgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berdi.

Ta’kidlanganidek, xotin-qizlarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari tazyiq va zo‘ravonlikdan ishonchli himoya qilinishini ta’minlash borasida Qoraqalpog‘istonda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. O‘tgan yili oilaviy zo‘ravonlikka uchragan 652 nafar xotin-qiz himoya orderi asosida reabilitatsiya markazlariga joylashtirilgan.

Forumda davlat boshqaruv organlari, mahalliy nodavlat notijorat tashkilotlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari tomonidan oilaviy zo‘ravonlikning oldini olish yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.

Yakunda “Oiladagi zo‘ravonlik – ommaviy axborot vositalari vakillari nigohida” tanlovi g‘oliblari tashkilotchilar tomonidan taqdirlandi.

Maqsad HABIBULLAEV(surat),O‘zA