Shu kunlarda mamlakatimizdagi xalq manfaatlarini yuksaltirishga qaratilgan saylovoldi kampaniyasi doirasidagi targ‘ibot-tashviqot ishlari siyosiy partiyalar tomonidan faol olib borilmoqda.
Bu jarayonda “Adolat” SDP o‘zining barqaror g‘oyalari va yangi saylovoldi dasturi orqali aholi bilan yaqin aloqani mustahkamlab, adolat va tenglik ustuvorligini ta’minlashga qaratilgan faoliyatini yanada kuchaytirmoqda. Ayni kunlarda partiya yetakchisi Robaxon Mahmudovaning turli hududlarda bo‘lib, tibbiyot va ta’lim sohasi vakillari hamda saylovchilar bilan o‘tkazayotgan uchrashuvlari bunga yorqin misoldir.
Partiyaning asosiy maqsadi – har bir fuqaroning manfaatlarini himoya qilish ekanidan kelib chiqilsa, bu uchrashuvlar fuqarolar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish, ularning muammo va takliflarini o‘rganish imkonini beradi. Eng muhimi, shu orqali partiya aholi bilan yaqin aloqa o‘rnatish, ularning haqiqiy ehtiyojlariga asoslangan qarorlarni qabul qilishida yordam beradi. Fuqarolarning fikr va takliflari partiyaning siyosatini samarali shakllantirishda muhim ahamiyatga ega. Ustuvor reja va maqsadlar doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasida Siyosiy Kengash raisining saylovchilar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvi ta’lim va tibbiyot sohalari vakillariga bag‘ishlangani ham bejiz emas. Chunki partiya faollari, elektorat vakillarining muammolari va takliflari bilan ishlash, fikrlarini tinglashga jamiyat ravnaqining asosiy mezoni sifatida qaraydi.
Dastlab, Siyosiy Kengash raisi Qoraqalpog‘iston tibbiyot institutidagi “Adolat” SDP targ‘ibot-tashviqot punkti faoliyatini o‘rgandi. Qayd etish joiz, ushbu punkt partiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi tomonidan tashkil etilgan. Tanishuv jarayonida partiya yetakchisi saylovchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotning ahamiyatini alohida ta’kidladi. Muloqot orqali saylovchilarning fikrlari, takliflari va ehtiyojlari aniqlanadi, bu esa partiyaning siyosiy strategiyasini samarali shakllantirishga yordam beradi.
Kunning ikkinchi yarmida partiya yetakchisi oliygohda “Adolat” SDP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga bir mandatli okruglardan hamda mahalliy kengashlariga ko‘rsatilgan nomzodlar, tibbiyot sohasi vakillari, partiya ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashdi.
Tadbirda Robaxon Mahmudova so‘zga chiqib, “Adolat” SDPning sog‘liqni saqlash sohasidagi ustuvor vazifalarini bayon qildi. “Biz sog‘liqni saqlash tizimida adolatni qaror toptirish, har bir fuqaroning malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqini kafolatlash tarafdorimiz. Tibbiyot xodimlarining mehnat sharoitlarini yaxshilash va ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish partiya dasturining asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan”, deya alohida ta’kidladi.
Qayd etilganidek, “Aqlli tibbiyot” tizimini rivojlantirish va sog‘liqni saqlash sohasini to‘liq raqamlashtirish bugungi kunning muhim talabi va u bemorlarga xizmat ko‘rsatishni yanada yaxshilash maqsadida ilgari surilmoqda. “Elektron poliklinika” va “Yagona elektron anketa” kabi loyihalar tibbiyot muassasalarida ishni samarali tashkil qilish, ma’lumotlarni tez va aniq yig‘ish hamda ularni tahlil qilish imkonini beradi.
Uchrashuv davomida Qoraqalpog‘istonda tibbiyot sohasidagi rivojlantirishda so‘ngi yillarda amalga oshirilgan islohotlar bo‘yicha Qoraqalpog‘iston respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Gavhar Abdisametova ma’lumot berdi. Shuningdek, tadbirda parlament va mahalliy kengashlar deputatligiga nomzodlar so‘zga chiqib, o‘z saylovoldi dasturini yig‘ilganlarga tanishtirdi. Jumladan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzod Shahzoda Abdiramanova o‘z saylovoldi dasturida mamlakat iqtisodiy faoliyati natijasida yuzaga kelgan daromadlarni adolatli taqsimlashni ta’minlaydigan iqtisodiy-huquqiy mexanizmlarni ishlab chiqish, ayniqsa, soliq solishning progressiv stavkalarini hayotga tatbiq etish va bu orqali daromadlar tengsizligini kamaytirish zarurligini ta’kidladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputatligiga nomzod Yaxshibeka Abdullayeva saylovoldi dasturida aholining turmush sharoitini yaxshilash, ularga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish, bandlik va boshqa masalalarni qonunchilik doirasida bartaraf etish ustuvor vazifa etib belgilangani xususida so‘z yuritdi. Shuningdek, uchrashuvda saylovoldi dasturidagi farmatsevtika sohasini tartibga solish borasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar ham qamrab olinganligi, xususan, farmatsevtika va tibbiyot xodimlari orasidagi yashirin kelishuv va noqonuniy muloqotga chek qo‘yish, farmatsevtlarning tibbiyot muassasalariga g‘arazli homiyligiga chek qo‘yish, bu kabi harakatlar uchun jinoiy javobgarlik belgilash masalasi qizg‘in qo‘llab-quvvatlandi.
Uchrashuv so‘nggida yoshlar va tibbiyot xodimlari o‘zlarini qiziqtirgan savollariga partiya vakillaridan javob oldi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.