Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev rahbarligidagi tadbirkorlar bilan navbatdagi uchrashuv Beruniy tumanida bo‘lib o‘tdi.
Unda To‘rtko‘l, Ellikqal’a va Beruniy tumanlari hokimlari, mutasaddi vazirlik, idora rahbarlari hamda tadbirkorlar ishtirok etdi.
Uchrashuvda yangi loyihalarni ishga tushirishda uchrayotgan muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etish, investitsiya loyihalarini ishga tushirish, mahalliylashtirish dasturiga kiritilgan va eksportyor korxonalarga amaliy yordam ko‘rsatish, sanoat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalarning to‘liq quvvatda ishlashini ta’minlash masalalari muhokama qilindi.
Tadbirkorlar bugungi kunda iqtisodiyotimiz taraqqiyotiga salmoqli hissa qo‘shish bilan birga, yangi ish o‘rinlari yaratishda ham muhim hisoblanadi. Ularning faoliyatini qo‘llab-quvvatlashda esa, bevosita yaqin muloqot orqali muammolarga yechim topish bugungi kun talabi ekanini alohida ta’kidlandi.
Tadbirda ayrim soha mutasaddilarining o‘z faoliyatiga loqaydlik bilan qarashi va boshqa sabablarga ko‘ra uchrayotgan muammolar qayd etilib, ularni bartaraf etish yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv davomida bugungi kunda tadbirkorlarni qiynayotgan muammolar tinglandi va bildirilgan murojaatlarning aksariyatiga joyida yechim topish choralari ko‘rildi. Vaqt talab etiladigan murojaatlar nazoratga olinib, tez fursatda ijobiy yechim topish bo‘yicha tegishli soha rahbarlariga topshiriq berildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.