Nukusda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi “Hunarmand” birlashmasi tomonidan tashkil etilgan “O‘zbekiston sovg‘alari” savdo-yarmarkasi o‘tkazildi.
Unda hunarmand va tadbirkor xotin-qizlar tomonidan ishlab chiqarilgan besh yuzga yaqin mahsulot namoyish etildi.
Yarmarkani o‘tkazishdan maqsad, tadbirkor va hunarmand xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning faoliyatini yanada rivojlantirish, ular tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlarni realizatsiya qilishga ko‘maklashishdan iborat.
Tadbirda hunarmand va tadbirkor xotin-qizlar tomonidan ishlangan qo‘l mehnati, yog‘och o‘ymakorligi, zargarlik, zardo‘zlik hamda uy-ro‘zg‘or buyumlari kabi xalq hunarmandchiligi yo‘nalishlarining o‘ziga xos uslubida ishlangan mahsulotlar ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
Bunday tadbirlarni muntazam o‘tkazish, mamlakatimizda tadbirkorlik va hunarmandchilikni yanada qo‘llab-quvvatlashda, ular tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlarning xaridorini topishda va keng jamoatchilikka yaqindan tanishtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.