O’zLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi tomonidan “Ishbilarmon ayol – 2024” ko‘rik-tanlovining hududiy respublika bosqichi o‘tkazildi.

Unda  yigirma nafarga yaqin tadbirkor, fermer va hunarmand xotin-qiz o‘zlarining mahsulotlari bilan ishtirok etdi.

Mazkur tanlov “O‘zbekiston – 2030” Strategiyasida belgilangan 100 ta muhim maqsad yo‘nalish, O’zLiDeP Dasturi va Saylovoldi platformasida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash hamda mamlakatimiz iqtisodiyoti, kichik biznes va xususiy sektorning rivojlanishida faol ishtirok etayotgan shijoatli, izlanuvchan, tashabbuskor tadbirkor va fermer xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etildi.

Tanlov  yakunida birinchi o‘ringa eng ko‘p ishchi o‘rni yaratgan, eksportga yo‘naltirilgan yoki import o‘rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarib kelayotgan “Gulbog‘-lolazor” fermer xo‘jaligi munosib deb topilgan bo‘lsa, ikkinchi o‘rin Xo‘jayli tumanidan “Qaraqalpaq textile” mas’uliyati cheklangan jamiyat rahbari Norgul Xudoybergenovaga, uchinchi o‘rinni Ellikqal’a tumanidagi “Guldursin-nafosati” xususiy korxonasi rahbari Manzura Djumatovaga nasib etdi. Bundan tashqari “Zamonaviy tashabbuskor ayol”, “Yilning muruvvatli ishbilarmon ayoli”, “Eng yosh, faol ayol tadbirkor”, “Investitsiyalarni jalb qilishda tashabbus ko‘rsatgan ishbilarmon ayol” hamda “Eng shijoatli ayol” kabi nominatsiyalar ham o‘z egalariga topshirildi.

– Asosan asalarichilik, ko‘chat yetishtirish, biogomus, Misr piyozini yetishtirish bilan  shug‘ullanamiz, – deydi tanlov g‘olibi, “Gulbog‘-lolazor” fermer xo‘jaligi ish yurituvchisi  M.O‘tebayeva. – Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish  bo‘yicha  3,5 milliard so‘mlik to‘qqiz nomdagi texnika grantini yutib olib xizmat ko‘rsatib kelmoqdamiz. Bundan tashqari 280 million so‘mlik grant mablag‘i hisobidan bog‘ yaratish maqsadida 2 gektar yerga 1 ming 100 tup erta pishar o‘rik va nok navi ekildi. Faoliyatimizni yanada kengaytirib, aholi bandligini ta’minlash niyatidamiz.

G‘oliblarga tashkilotchilar tomonidan diplom hamda pul mukofotlari, shuningdek, faol ishtirokchilarga tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari ham topshirildi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat),  

O‘zA.