Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Oliy Radada chiqishi chog‘ida Rossiya – Ukraina urushi uchun “G‘alaba rejasi”ni taqdim etdi. Davlat rahbari so‘zlariga ko‘ra, hujjat 5 band, 3 maxfiy ilovadan iborat. Birinchisi – hoziroq Ukrainani NATOga taklif qilish, ikkinchisi – mudofaa. Shuningdek, mahalliy qurol ishlab chiqarishni ko‘paytirish, sheriklar yordami, jumladan Rossiya Federatsiyasi bo‘ylab uzoq masofaga otuvchi quroldan foydalanish bo‘yicha cheklovni olib tashlash ham nazarda tutilgan. Darvoqe, maxfiy dastur tegishli harbiy yordam qobiliyatiga ega hamkorlar uchun ochiq.

Uchinchi bandga ko‘ra, mamlakatda RFdan keladigan har qanday harbiy tahdiddan himoyalanish uchun yetarli, yadroviy bo‘lmagan strategik tiyib turish imkoniga ega keng qamrovli to‘plam joylashtirish taklif etilmoqda. Bu qismda AQSH, Buyuk Britaniya, Fransiya, Italiya va Germaniya yetakchilari tomonidan qabul qilingan ilova ham mavjud.

Тўртинчиси – strategik iqtisodiy salohiyat. Ukraina Qo‘shma Shtatlar va YeI o‘rtasida mamlakatdagi mavjud muhim resurslarni himoya qilish, shuningdek umumiy sarmoya kiritish va tegishli iqtisodiy salohiyatdan foydalanish to‘g‘risida bitim tuzishni taklif qilmoqda.

Beshinchisi – urushdan keyingi xavfsizlikni ta’minlash.

Yetakchi ta’kidlashicha, bu nuqtalar maxsus vaqt bo‘yicha hisoblab chiqilgan. Ya’ni, birinchi to‘rt band urushni tugatish uchun hozir, beshinchisi esa xavfsizlikni kafolatlash uchun urushdan keyin amalga oshiriladi.

– G‘alaba rejasi urushni tugatish uchun ikkinchi tinchlik sammitiga ko‘prik qurish maqsadida ishlashi kerak, – deydi Zelenskiy. – Agar reja qo‘llab-quvvatlansa, keyingi yildan kechiktirmay, urushni tugatishimiz mumkin.

– Ukrainaning barcha siyosiy kuchlari hujjatni qo‘llab-quvvatladi, – dedi Oliy Rada spikeri Ruslan Stefanchuk mamlakatning Beshinchi kanali orqali chiqish qilib. – Zelenskiy taqdimotidan so‘ng reja fraksiya yetakchilari yopiq yig‘ilishida muhokama qilindi.

Yevropa Kengashi rahbari Sharl Mishel 17-18 oktyabr kunlari Bryusselda bo‘lib o‘tadigan YeI sammitida yetakchilar tomonidan Vladimir Zelenskiyning “G‘alaba rejasi” BMT Nizomi va xalqaro huquq tamoyili asosida tinchlik yo‘li bilan hal qilish bo‘yicha qarashlar kelishib olinishini aytdi.

– Muhokama markazida Ukraina bo‘ladi, – deyilgan hujjatda. – Biz Zelenskiyning g‘alabaga erishish rejasini eshitib, BMT Nizomi va xalqaro huquq tamoyiliga asoslangan tinchlik tashabbusi atrofida konsensusga erishish uchun keyingi qadamlar ustida ishlaymiz.

Yevropa Kengashi rahbari va boshqa yetakchilar Kiyevni moliyalashtirishni davom ettirish, shu maqsadda muzlatilgan Rossiya aktividan tushgan daromaddan foydalanish masalasi muhokamasiga ishora qildi:

– Umid qilamanki, biz iyun oyida G7 hamkorlarimiz bilan Ukraina ehtiyojini qo‘llab-quvvatlash uchun yil oxirigacha taxminan 45 milliard yevro (50 milliard dollar) ajratish bo‘yicha olgan majburiyatimizni bajaramiz.
Mishel uchrashuvda kelgusi qishda Ukraina energetika sohasini qo‘llab-quvvatlash masalasini ham ko‘tarmoqchi.

Fransiya TIV bayonot berishicha, ertaga Parijda Ukrainaning mudofaa va yadro xavfsizligi bo‘yicha vazirlar darajasida konferensiya o‘tkaziladi. Ma’lum qilinishicha, 15-16 iyun kunlari Shveysariyaning Byurgenstok shahrida bo‘lib o‘tgan Ukraina bo‘yicha konferensiyaga qatnashgan barcha davlatlar vakillari ushbu tadbirga ham taklif etilgan. Yig‘ilishni Fransiya Tashqi ishlar vazirligining yangi rahbari Jan-Noel Barro ochib beradi.

Fransiyaning iyun konferensiyasida qabul qilingan majburiyatini aks ettiradigan tadbir Zelenskiy taklif etgan tinchlik rejasining bir qismidir.

S.Rahimov,

O‘zA