Rossiyada baliqchilar ikki oy oldin daraksiz yo‘qolgan odamni qutqardi. U 67 kun davomida oziq-ovqat, suv va issiq kiyimsiz ochiq dengizda suzib yurgan. Qayiqdagi yana ikki yo‘lovchi, ya’ni qutulgan odamning akasi va jiyani fojiali tarzda halok bo‘lgan.
Aka-uka va jiyan 9 avgust kuni Xabarovsk o‘lkasidan Saxalin tomon otlanishadi. Ular o‘zlari bilan 20 litr ichimlik suvi va bir yarim haftaga yetadigan oziq-ovqat olgan edi, xolos. Sayyohlar manzilga yetishiga taxminan 2 soat qolganda qayiqning motori ishdan chiqadi. Uch kunga mo‘ljallangan sayr shu tariqa “dahshatli tush”ga aylanadi. Qarindoshlar ochiq dengizda ishdan chiqqan qayiq bilan qolib ketishadi.
Xullas, avgust oyida boshlanib, bir oydan ziyod davom etgan qidiruv natija bermaydi. Rasmiylar qayiqni topa olishmagach, yo‘qolganlarni “halok bo‘lgan”, deb e’lon qilishadi.
14 oktyabr kuni “Angel” nomli baliq ovlash kemasidagilar Kamchatka qirg‘og‘idan 23 km masofada bexos suzayotgan jismni payqab qolishadi. Ekipaj dastlab radardagi ob’ektni suzib yurgan chiqindi qoldig‘i, deb o‘ylaydi-yu, baribir tekshirib ko‘rishga jazm qiladi.
Aynan shu tasodifiy qaror tufayli Mixail qutqarildi. Yigit och-nahor 67 kun darbadar suzish oqibatida nihoyatda tinkasi qurigan va 50 kg vazn yo‘qotgan edi. Afsuski, taqdir sinoviga bardosh berolmasdan uning akasi va jiyani halok bo‘ldi.
Ayni payt mamlakat rasmiylari fojianing barcha jihatlariga oydinlik kiritish maqsadida tergov olib bormoqda.
Kenja Bekjonov, O‘zA