Davlatimiz rahbari Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi “Technologies of real time” O‘zbekiston – Singapur qo‘shma korxonasi faoliyati bilan tanishdi.

Avtomobilsozlik mamlakatimiz sanoatida yirik tarmoq. So‘nggi yillarda avtomobil ishlab chiqarish qariyb 3 barobar ko‘payib, joriy yil yakunida 460 ming donaga yetishi kutilmoqda. 2030 yilgacha bu ko‘rsatkichni 1 milliontaga yetkazish rejalashtirilgan.

Sohada monopoliyani yo‘q qilish va raqobatni rivojlantirish maqsadida 2 ta yangi xususiy korxona va nufuzli xorijiy brendlar jalb etildi. Umuman, bugun 20 dan ziyod zavodda o‘nlab turdagi avtomobillar, yuk va yo‘lovchi tashish transportlari ishlab chiqarilmoqda.

Shu bois tarmoqda ehtiyot qismlarga ham talab ko‘p. Bu borada 300 dan ziyod korxona yaxlit kooperatsiyaga bog‘langan. Zangiotadagi “Technologies of real time” shulardan biri.

Prezident 2019 yilda “O‘zekspomarkaz”da bo‘lib o‘tgan xalqaro sanoat yarmarkasida mazkur korxona mahsulotlari bilan tanishib, zarur ko‘rsatmalar bergan edi. Shu asosida modernizatsiya ishlari amalga oshirildi. Korxonadagi 12 ta sexga Xitoy, Rossiya, Koreya Respublikasi, Yaponiya va AQSHdan keltirilgan uskunalar o‘rnatildi. Bugungi kunda 118 xil rusumdagi avtomobillarning yurish, transmissiya va boshqaruv tizimlari uchun 750 dan ortiq turdagi ehtiyot qismlar ishlab chiqarilmoqda.

– Ko‘p detallar mahalliylashtirilgani hozircha ma’qul. Mutaxassislar zo‘r bo‘lsa, sifat ham, eksport ham oshadi, – dedi Prezident.

Shundan kelib chiqib, mutasaddilarga korxonada ehtiyot qismlar qatorini kengaytirish bo‘yicha topshiriq berildi.

Mahsulotlar buyurtma asosida O‘zbekiston bo‘ylab yetkazib beriladi. Xususan, “O‘zavto motors”ning Xorazm viloyatidagi zavodiga “Damas” va “Labo” avtomobillari uchun 773 ming dona ehtiyot qismlar yetkazib berilgan.

Tovarlarni texnik tekshiruv va sinovlardan o‘tkazish uchun zamonaviy laboratoriya tashkil etilgan. Korxona mahsulotlari IATF 16949:2016, ISO 9001:2015, ISO 45001:2020 hamda “Jeneral Motors”ning BIOS xalqaro sifat sertifikatlariga ega.
Shu bois ularga xorijda ham talab bor.
Xususan, o‘tgan yili Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Rossiya, Ukraina, Birlashgan Arab Amirliklariga 3 million dollarlik ehtiyot qismlar yetkazib berilgan. Joriy yilning to‘qqiz oyida 2 million dollardan ziyod mahsulot eksport qilingan.

Shuningdek, korxona Germaniya, Birlashgan Arab Amirliklari, Xitoy va Rossiyada bo‘lib o‘tadigan xalqaro ko‘rgazmalarda ishtirok etib kelmoqda.

Korxonada 220 ta ish o‘rni yaratilgan. Xodimlar shu yerdagi kurslarda o‘qitilib, keyin ishga qabul qilinadi.

Davlatimiz rahbari zavoddagi ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishdi, mutaxassislar bilan muloqot qildi. Korxona shourumida tayyor mahsulotlar namunalarini ko‘zdan kechirdi.

Shu yerda kelgusi rejalar haqida ma’lumot berildi.
Xususan, 2025 yilda 1,15 million dollarlik investitsiya loyihasi amalga oshiriladi. Natijada BYD, Chery, Changan, Geely avto, Dongfeng kabi yangi avtomobil brendlari uchun ehtiyot qismlar ishlab chiqarish o‘zlashtiriladi.

Loyiha samarasida 43 ta yangi ish o‘rni yaratiladi, ishlab chiqarish quvvatlari 180 mingdan, 280 ming donaga yetkaziladi.