Bugun Ashxobodda buyuk qozoq shoiri va mutafakkiri Abay Qo‘nonboyev haykali ochildi, deb yozgan “Turkmenportal”.

Shu munosabat bilan Turkmaniston poytaxtidagi “Lochin” bog‘ida Milliy yetakchi, Xalq Maslahati Kengashi raisi Gurbanguli Berdimuhamedov va Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev ishtirokida tantanali ochilish marosimi uyushtirildi.

Tadbirda hukumat a’zolari, faxriy oqsoqollar, vazirlik va idoralar rahbarlari, jumladan madaniyat namoyandalari ishtirok etdi.

Tadbir davomida ijodiy guruhlar o‘z chiqishlarini namoyish qilishdi. Ikki mamlakat madaniyat arboblari turkman va qozoq tillarida musiqiy kompozitsiyalar ijro etishdi.

Ashxobodda Abay xotirasiga nisbatan ko‘rsatilgan bunday hurmat madaniy hamkorlik sohasidagi muhim voqeadir. Mazkur yodgorlik ma’naviy boylik, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va hamjihatlik timsoliga aylanishi shubhasiz.

M.Pirmatova, O‘zA