Soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyev boshchiligidagi delegatsiya amaliy tashrif bilan AQSHda bo‘lib turibdi.

Tashrif doirasida Vashingtonda Xalqaro valyuta jamg‘armasining (XVJ) Fiskal masalalar bo‘yicha departamenti direktori o‘rinbosari Katerina Bayer boshchiligidagi XVJ vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Xorijlik ekspertlar O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholadi, xususan, soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish va soliq tizimining shaffofligini oshirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar muhimligini ta’kidladi.

Soliq qo‘mitasi rahbariyati XVJga yaqinda e’lon qilingan jamg‘arma ekspertlarining mamlakatimizga tashrifi yakunlari to‘g‘risidagi hisobot va undagi tavsiyalar uchun minnatdorchilik bildirdi.

Ekspertlarning ko‘magi soliq islohotlarini amalga oshirishda muhim o‘rin tutadi va soliq tizimini yanada samarali tashkil etishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston XVJ doimiy xorijiy maslahatchi taqdim etayotgan 5 ta davlatdan joy olgani ham yaqin hamkorlik va ishonchdan dalolat beradi.

Muloqotda XVJ mutaxassislari soliq ma’muriyatchiligini yaxshilash va yashirin iqtisodiyot ulushini kamaytirishga yordam beradigan bir qancha muhim jihatlarga e’tibor qaratdi. Ulardan biri – soliq nazoratini ayniqsa, QQSni qaytarish (qoplash) yuzasidan nazoratni kuchaytirish zaruriyati.

Shuningdek, ayrim mamlakatlarda soliq solinadigan bazani tovar (xizmat)ning bozor qiymatidan kelib chiqib belgilash amaliyoti mavjudligi, bu esa soliqqa tortishning adolatliligini oshirish imkonini berishi qayd etildi.

Mutaxassislarning fikricha, iqtisodiyotda norasmiy sektor ulushini kamaytirish yo‘llaridan biri hisob-kitoblarda naqddan naqdsiz to‘lovga o‘tishni rag‘batlantirishdir.

Bu soliqqa oid huquqbuzarliklarni kamaytirish va soliq tushumlarini oshirishga yordam beradi.

Sh.Mamaturopova,  

O‘zA