Ozarbayjonning Shusha shahrida Turkiy Davlatlar Tashkiloti (TDT)ga a’zo davlatlar sog‘liqni saqlash vazirlari to‘rtinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur anjumanda TDT mamlakatlari mutaxassislari uchun organ va to‘qimalar transplantatsiyasi sohasida bilim, tajriba almashish imkonini beruvchi “Turktransplantni yaratish niyati bayonnomasi” imzolandi.
Uchrashuvda Ozarbayjon sog‘liqni saqlash vaziri Teymur Musayev, TDT bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev, Turkiya sog‘liqni saqlash vaziri Kemal Memisog‘lu, O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Davron Sultonov, Qirg‘iziston sog‘liqni saqlash vaziri Alimqodir Beyshenaliyev va Qozog‘iston sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Yerbol Ospanov ishtirok etdi.
Mezbon tomon vakili a’zo davlatlar va TDT kuzatuvchilari o‘rtasida yagona ilmiy-tibbiy makon yaratish, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar olib borish va tibbiy ta’limning yagona standartini belgilash umumiy faoliyatning asosiy yo‘nalishlari ekanini ta’kidladi.
Tadbir davomida, shuningdek, a’zo va kuzatuvchi davlatlar sog‘liqni saqlash tizimidagi ilmiy tadqiqot institutlari o‘rtasida onkologiya, kardiologiya, oftalmologiya, pediatriya, travmatologiya va ortopediya yo‘nalishlarida hamkorlikka oid hujjatlar imzolandi.