3-Qoraqalpog‘iston saylov okrugidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzod Guljon Xalmuratova qonliko‘llik saylovchilar bilan uchrashdi.
Uchrashuvda ishonchli vakil Dilbar Nurimbetova nomzodning mehnat faoliyati bilan yaqindan tanishtirdi va partiyaning saylovoldi dasturidagi 5 ta maqsad va 500 vazifani qamrab olgan har bir yo‘nalish bo‘yicha ustuvor vazifalarni ta’kidlab o‘tdi.
Nomzod Guljon Xalmuratova saylovoldi dasturida ilgari surilayotgan muhim yo‘nalishlarga to‘xtaldi. Jumladan, partiyaning saylovoldi dasturida barcha sohalarga, ayniqsa, xotin-qizlarni, ijtimoiy sohani qo‘llab-quvvatlash borasida kelgusi yillarda onalar va bolalar o‘limi, bolalardagi irsiy kasalliklarni kamida 2 barobarga qisqartirish, onkologik, yurak-qon tomir, qandli diabet bo‘yicha erta o‘limni esa 2,5 barobarga kamaytirishga e’tibor qaratiladi. Buning uchun 40 yoshdan oshgan ayollar uchun tegishli davriylikda tibbiy ko‘rikdan o‘tish joriy qilinadi.
– Mamlakatimizda saylov yangicha formatda o‘tkazilayotgani demokratik tamoyillarga to‘la mos keladi va buni xalqimiz ham mamnuniyat bilan qo‘llab-quvvatlamoqda. Bugungi uchrashuvdan shu narsa ma’lum bo‘ldiki, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan bu jarayonga tayyorgarlik juda yaxshi tashkil etilgan, – deydi Qonliko‘l tumanidagi 18-sonli umumta’lim maktab o‘qituvchisi Adilbek Dosupov. – Saylovchilarning tanlagan nomzodga ovoz berishi uchun qulay imkoniyatlar yaratilgan. Men partiya olib borayotgan siyosat naqadar xalqchil va dasturi yurt istiqbolini yaratish uchun juda muhim ekanini saylovchilar ishtiroki va fikrlari misolida amin bo‘ldim.
Bu yilgi saylovlarda partiya yangicha g‘oya va yangicha tashabbus bilan saylovchilar orasiga kirib bormoqda. Dasturda barcha sohalar keng qamrab olingan. Shu boisdan ham partiya aholining farovon hayot kechirishi, farzandlarimiz sifatli ta’lim va tibbiyotdan bahramand bo‘lishi, ayollar va nuroniylar, jamiki yurtdoshlarimiz baxtli yashashi, ertangi kunimiz yorug‘ bo‘lishi uchun fidoyilik ko‘rsatishni o‘z zimmasiga olgan.
Deputatlikka nomzod tumandagi “Do‘stlik” va “Madaniyat” mahalla fuqarolar yig‘inida xonadonma-xonadon yurib, aholiga bo‘lajak saylovlarning ahamiyati, partiya saylovoldi dasturining mazmun-mohiyati va bo‘lajak saylovda ovoz berishga chaqirdi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.