Fiziologiya va tibbiyot bo‘yicha 2024 yilgi Nobel mukofoti amerikalik olimlar Viktor Ambros va Geri Ravkanga nasib etdi.
Olimlar “mikroRNKni kashf qilgani va genlar ekspressiyasining transkripsiyadan keyingi boshqaruvida ularning rolini o‘rgangani uchun” ushbu nufuzli mukofotga loyiq ko‘rildi.
Nobel Assambleyasi ularning kashfiyoti “organizmlarning rivojlanishi va faoliyati uchun juda muhim ekanligini isbotladi” dedi.
Ayni paytda Massachusets universiteti tibbiyot fakulteti professori hisoblanmish Viktor Ambros o‘z tadqiqotini Garvard universitetida amalga oshirdi. Geri Ravkan esa tajribalarni Massachusets umumiy kasalxonasi va Garvard tibbiyot maktabida o‘tkazdi.
Ambros va Ravkan ishlarining katta qismi molekulyar biologiya va genetikaga bag‘ishlangan. Ular 1993 yilda mikroRNKni kashf etgan. Ularning tadqiqotlari natijalari klonlash va sekvenirlash rivojlanishiga turtki bo‘ldi.
Ertaga 8 oktyabrda fizika, 9 oktyabrda kimyo, 10 oktyabrda esa adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti g‘oliblarining nomlari ma’lum bo‘ladi. 11 oktyabr kuni Osloda tinchlik mukofoti sovrindori e’lon qilinadi, 14 oktyabrda esa iqtisodiyot bo‘yicha mukofot g‘olibi aniqlanadi.
Laureatlar o‘z mukofotlarini Alfred Nobel vafot etgan kunga bag‘ishlab o‘tkaziladigan xotira kechasida, ya’ni 10 dekabrda tantanali ravishda qabul qilib oladilar.
O‘.Alimov, O‘zA