O‘zbekiston kadastr agentligi BMT YeIK sessiyasida ishtirok etmoqda
O‘zbekiston kadastr agentligi delegatsiyasi Jenevada bo‘lib o‘tayotgan BMT YeIK Yer ma’muriyatchiligi, uy-joy va shaharsozlik qo‘mitasining 85-sessiyasida ishtirok etmoqda.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Yevropa Iqtisodiy Komissiyasining (BMT YeIK) Yer ma’muriyatchiligi, uy-joy va shaharsozlik qo‘mitasining taklifiga binoan, O‘zbekiston kadastr agentligi direktori F. Po‘latov boshchiligidagi delegatsiya Jenevada bo‘lib o‘tayotgan BMT YeIK Yer ma’muriyatchiligi, uy-joy va shaharsozlik qo‘mitasining 85-sessiyasida ishtirok etmoqda, deb xabar berdi agentlik matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, sessiyada:
— yer va mulk boshqaruvi siyosatini takomillashtirish bo‘yicha o‘tkazilgan seminar va vebinarlar muhokamasi;
— yer ma’lumotlari xavfsizligi, yer boshqaruvi va ekotizimlardagi chorlovlar;
— noqonuniy qurilmalarni rasmiylashtirish yo‘nalishida amalga oshirilgan va rejalashtirilayotgan tadbirlar muhokamasi;
— yer va uy-joy ma’lumotlari boshqaruvi bo‘yicha mamlakatlar profillarini tuzishning joriy holati, 2025-2026 yillarda yer, uy-joy va shaharsozlik bo‘yicha profillari yaratilishi tanlangan davlatlarni e’lon qilish masalalari o‘rin oldi.

Shuningdek, sessiyada O‘zbekistonda yer ma’muriyatchiligi, jumladan raqamlashtirishda amalga oshirilgan islohotlarga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazildi.
Tashrif doirasida BMTning Yer boshqaruvi bo‘yicha ishchi guruhi raisi Viktoriya Ebbot, Yevropa va MDH davlatlarining yer, geodeziya, kadastr va qurilish sohalari bo‘yicha mas’ul idora rahbarlari, akademik davra vakillari bilan o‘zaro muloqot va uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.

O‘zA