“Ar-Raya” nashri Qatar muzeylari vasiylik kengashi raisi Shayxa Al-Mayassa bint Hamad Ol Soniy O‘zbekiston Prezidenti yordamchisi Saida Mirziyoyeva bilan uchrashib, Bibixonim masjidini ta’mirlash loyihasini muhokama qilgani haqida yozdi.
Maqolada Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi hamda “Og‘a Xon Trast” madaniyat fondi va Qatar taraqqiyot jamg‘armasi o‘rtasida hamkorlik shartnomasi imzolangani ta’kidlangan.
– Samarqand shahridagi Bibixonim masjidini tiklash bo‘yicha kelishuvga erishilganidan mamnunman, – dedi Shayxa Al-Mayassa bint Hamad Ol Soniy. – Bu sheriklik o‘zbek xalqining boy madaniy merosini kelajak avlodlar uchun saqlab qolishga hissa qo‘shadi.
Eslatib o‘tamiz, shu yil may oyida Elchi Ashraf Xodjayev Qatar taraqqiyot jamg‘armasi (QFFD) bosh direktori o‘rinbosari Sulton Al-Asiyriy bilan uchrashgan edi.
Muharrama Pirmatova, O‘zA