Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan «Zomin tog‘lari» milliy tabiiy meros ob’ekti dastlabki nomzodnoma hujjati tayyorlanib, YUNESKO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy komissiyasiga yuborildi. Nomzodnoma YUNESKO Butunjahon merosi markaziga taqdim etiladi.
Bu Ekologiya vazirligi mutaxassislari, «H.M.Abdullayev nomidagi Geologiya va geofizika instituti» davlat muassasasi, Fanlar akademiyasi Zoologiya va Botanika institutlari hamda O‘zbekiston Milliy universiteti tadqiqotchi-ekspertlaridan iborat Ishchi guruh tomonidan tayyorlangan.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, Zomin davlat qo‘riqxonasi va Zomin milliy tabiat bog‘iga amalga oshirilgan ekspeditsiyalar davomida olingan ilmiy ma’lumotlar shunga asos bo‘lgan.
«Zomin tog‘lari» O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishganidan buyon YUNESKO Butunjahon merosi ro‘yxatiga nomzodnomasi taqdim etilayotgan ilk milliy tabiiy meros ob’ektidir.
Hozirga qadar mazkur ro‘yxatga transchegaraviy tabiiy ob’ektlar — G‘arbiy Tyan-Shan tog‘i (2016 yilda O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston tomonidan) va Turon sahrolari (Ustyurt platosi/2023 yilda O‘zbekiston, Qozog‘iston va Turkmaniston tomonidan) kiritilgan.
Shuningdek, mamlakatimiz hududidagi Chotqol biosfera qo‘riqxonasi 1978 yilda va Quyi Amudaryo davlat biosfera qo‘riqxonasi (2021 yilda) YUNESKOning Butunjahon biosfera rezervatlari tarmog‘idan joy olgan.
Qabul qilingan nomzodnomalar YUNESKO mezonlariga muvofiq ikki yil ichida ko‘rib chiqiladi.
A.RUSTAMOV, O‘zA