O‘zbekiston terma jamoasi safida 2015 yil Las-Vegas va 2019 yil Qozog‘istonda o‘tgan jahon chempionati sovrindori, Osiyo o‘yinlarida uch marotaba g‘olib va sovrindorlikka erishgan Rustam Assakalov yunon-rum kurashi bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi murabbiyi etib tayinlandi.

Ta’kidlash lozimki, R.Assakalov sportdagi faoliyati davomida uch karra Osiyo chempioni va to‘rt karra sovrindori bo‘lgan. “Boku-2017” va “Konya-2021” Islom birdamlik o‘yinlarida bronza va oltin medallarni qo‘lga kiritgan kurashchi sanaladi.

O‘zbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasi xabariga ko‘ra, yunon-rum kurashi bo‘yicha murabbiylar shtabiga oldinroq yana bir iqtidorli kurashchi, 2016 yilgi Rio Olimpiadasi sovrindori Elmurat Tasmuradov ham jalb etilgan edi.

Eslatib o‘tamiz bugungacha yunon-rum kurashi bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi sifatida Ravshan Ro‘ziqulov faoliyat ko‘rsatib kelgandi.

T.Ro‘ziyev,

O‘zA