San-Fransiskodagi Kaliforniya universiteti olimlari sun’iy intellekt asosida foydalanuvchiga uning vafot etish sanasini aniqlashga yordam beruvchi dastur ixtiro qildi. U “death clock” ya’ni “O‘lim soati” deb nomlandi. Bu haqda “New York Post” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, ixtirochilar o‘z ishlanmasini sun’iy intellektga asoslangan, uzoq umr ko‘rish uchun yordam beradigan dastur deya ta’kidlagan. Foydalanishdan oldin u maxsus anketalar yordamida egasining sog‘lig‘i to‘g‘risidagi ma’lumotlarni to‘playdi. Ularda og‘irlik, qondagi qand darajasi va bosimi, uyqu sifati, jismoniy faollik, yomon odatlar, ovqatlanish va umr ko‘rish davomiyligiga ta’sir qiluvchi boshqa omillar hisobga olinadi.
Bundan tashqari, kutilayotgan o‘lim sanasini hisoblashda insonning ijtimoiy hayoti va ruhiy holati baholanadi – ilova foydalanuvchining muloqotga qancha vaqt sarflashini va ma’lum muddatda qanday kayfiyat hukmron bo‘lganini tahlil qiladi.
Qayd etilishicha, “O‘lim soati” vafot sanasini kunigacha to‘g‘ri ko‘rsatadi. Bundan tashqari, dastur biologik yoshni ham aks ettiradi va hayotni uzaytirish uchun motivatsion vositalar, mashqlar variantlari, qo‘shimcha tavsiyalar va sog‘lom ovqatlanish g‘oyalarini taklif qiladi.
Mualliflarning fikriga ko‘ra, “O‘lim soati” odamlarni turmush tarzini o‘zgartirishga va sog‘lig‘ini buzadigan odatlardan voz kechishga undashi mumkin. Bunday holda, motivatsion ta’sir o‘lim sanasining “qo‘rqinchli yaqinligi”ga asoslanadi.
Madinabonu Nasriyeva, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA