Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi hamda mahalliy Kengashlar deputatligiga ko‘rsatilgan nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda boshlang‘ich partiya tashkilotlari vakillari, nuroniy otaxon va onaxonlar, hunarmand va sportchilar, partiyaga xayrixoh yoshlar, xotin-qizlar, mahalla faollari, saylovchilar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Ta’kidlanganidek, madaniy yodgorliklarni asrab-avaylash, uni kelajak avlodlarga beshikast  yetkazish, xalqimizning milliy urf-odat, an’ana va qadriyatlar, ko‘p asrlik tarixini chuqur o‘rganish, targ‘ib etish, har bir vatandoshimiz ongida vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllantirish va mustahkamlash “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining ustuvor vaziflari hisoblanadi. Partiyaning bosh maqsadi qudratli davlatga tayangan, qonunlari milliy va umuminsoniy qadriyatlarga uyg‘un, inson qadri baland, farovon jamiyat qurishdir. Yetti yo‘nalishdan iborat 2025-2029 yillarga mo‘ljallangan Saylovoldi dasturining asosiy mag‘zi esa “Qadriyatlarga tayangan taraqqiyot” shiori asosida  barcha g‘oya va tashabbuslarning milliy va umuminsoniy qadriyatlarga uyg‘un bo‘lishiga erishishdir.

– Biz uchun qadriyat  milliy urf-odat, an’ana va ko‘p asrlik tariximizning chuqur ifodasi, voqelikdagi muayyan hodisalarning umuminsoniy, ijtimoiy-axloqiy, madaniy-ma’naviy ahamiyatini ko‘rsatish vositasidir, – deydi partiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi kengashi raisi o‘rinbosari Zuhra Tajixojayeva. – “Taraqqiyot” esa rivojlanishning oddiydan murakkabga, quyidan yuqoriga yo‘nalgan shakli bo‘lib, jamiyat va davlat rivojining yuksalishini ifodalaydigan, inson tafakkurining ulg‘ayish, yangilanish hamda tiklanish yo‘nalishidir.

Partiya uchun eng ustuvor masala, shubhasiz, tarbiya. Yangi dasturda ham ana shu g‘oyadan kelib chiqib, barkamol avlod salohiyatini ro‘yobga chiqarish maqsadida bugun Yangi O‘zbekistonda hayot-mamot masalasiga aylangan tarbiya va ta’lim, ya’ni maktabgacha va maktab, oliy ta’lim masalalariga ustuvorlik berilgan. Milliy madaniyat va ma’naviyatni rivojlantirish, qadriyatlarni saqlash, o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi maqomini oshirish, oilani mustahkamlash, ayollar va yoshlarga munosib sharoitlar yaratish bo‘yicha ham qator taklif va tashabbuslar ilgari surilgan.

Uchrashuvda Qoraqalpog‘iston Respublikasidan Qonunchilik palatasi hamda mahalliy Kengashlarga ko‘rsatilgan nomzodlar  so‘zga chiqib, o‘z saylov hududi shart-sharoiti va aholi murojaatlaridan kelib chiqib tayyorlagan saylovoldi dasturi bilan tanishtirdi.

Turli soha vakillari nomzodlarning saylovoldi dasturi yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. Barchani 27 oktyabrda o‘tadigan saylovlarda “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan ko‘rsatilgan nomzodlarga ovoz berishga chaqirdi.

Tadbirdan so‘ng faollar Nukus shahri “Qumbiz ovul” mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘lib, partiyaning Saylovoldi dasturi yuzasidan aholi o‘rtasida targ‘ibot ishlarini olib borishdi.

Dovud Abibullayev, Maqsad  Habibullayev (surat),  

O‘zA muxbirlari