FOTOREPORTAJ
Qoraqalpoq xalqining o‘ziga xos milliy qadriyatlaridan biri – o‘tovlardan bugungi kunda hududning turistik salohiyatini oshirishda keng foydalanilmoqda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi tarixi va madaniyati davlat muzeyida, I.V.Savitskiy nomidagi Qoraqalpoq davlat san’at muzeyida qoraqalpoq o‘toviga bag‘ishlangan maxsus o‘rinlar ajratilgan.
Ayozqal’a, Tuproqqal’a kabi qator tarixiy yodgorliklari, Orol dengizi, Qarateren ko‘li sohili va boshqa dam olish maskanlarida o‘tovlar tikilgan. Bular nafaqat xorijiy, balki mahalliy sayyohlarda ham qiziqish uyg‘otmoqda.
O‘tov tiklashda ishlatiladigan ashyolar tayyorlaydigan ustalarni “uychi” deyishadi. Bu kasb ularga ota meros. Qoraqalpog‘iston hududining aksariyat qismida ana shunday ustalar bo‘lgan va ular yashaydigan qishloqlar “uychi ovul” deb yuritilgan. Bunday nomdagi qishloqlarni hozir ham uchratish mumkin.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, o‘tov(qora uy)ni har qanday yog‘ochdan yasab bo‘lmaydi. U chidamli, egiluvchan toldan ishlanadi. Sababi, ko‘chmanchilar turmushiga xos bunday boshpanalarni qurish va yig‘ish tez-tez takrorlanib turilgan. Tabiiyki, buning uchun sinmaydigan, mustahkam ashyo zarur.
Qora uy 3 bosqichda ishlanadi. Dastlab, kerege (yog‘och panjara), undan so‘ng shanaraq (qora uyning tom qismi), so‘nggi bosqich uviq (tirgak) deb yuritiladi.
Shanaraq – qora uyning eng muhim qismi bo‘lib, u gumbazsimon doiradan iborat. Shanaraqning o‘rtasiga egilib ishlangan ikki qatorli yarim doira yog‘och “to‘g‘in” deyiladi. Aynan ushbu to‘g‘in qora uyni boshqa xalqlar o‘tovidan ajratib turadi.
Qora uyning yana bir qismi erganak (yergenek), ya’ni eshik deb yuritiladi. Uni boshqa usta ishlaydi. Erganak o‘yma naqshlar bilan bezaladi va qizil rangga bo‘yaladi.
Qora uyning 6, 8, 12 qanotli turlari bor. Odatda 6 qanot uylar yosh oilalar uchun maxsus tikilgan, 8 qanotli uylar esa oiladagilar soni ko‘payganidan so‘ng ishlatilgan. Eng yirik – 12 qanotli uy qishloq tashqarisidagi “Maslahat tepa”ga tikilib, unda og‘alar, ya’ni biylar va beklar el-yurt taqdiri bilan bog‘liq muhim masalalarni hal qilish uchun yig‘ilgan.
Qora uy bezak buyumlarining barchasi qo‘lda ishlangan, ya’ni o‘rmakda to‘qilgan. Kigiz asosan qo‘y, arqon esa tuya junidan tayyorlangan.
Qora uyga naqshli bezaklariga qarab oq o‘tov, bo‘z o‘tov deb ta’rif berilgan. Qora uyning o‘rtasida to‘rt qirrali o‘choq o‘rnatilib, tutuni uy tuynugidan chiqib turadi. Uy ichida oila a’zolarining kiyimlari, ro‘zg‘or buyumlari hamda ko‘rpa-to‘shaklar qo‘yiladigan maxsus o‘rinlari bo‘lgan.
O‘tovning o‘ng tomonida yoshiga qarab erkaklar, chap tomonida xotin-qizlar o‘tiradi. O‘ng tomon muqaddas hisoblangan va erkaklar o‘tirgan o‘rinni xotin-qizlar bosishi qat’iy taqiqlangan.
Qora uyning eshigi past bo‘lgani uchun ichkariga engashib kiriladi. Bu uyga ta’zim qilib kirish zarurligini anglatgan.
Hozirda Qoraqalpog‘iston Respublikasining Chimboy tumanida 20 dan ortiq uychi – o‘tov tiklovchilar faoliyat ko‘rsatmoqda.
Maqsad HABIBULLAEV(surat),O‘zA