Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning ta’lim-tarbiya sohasi vakillari bilan muloqoti bo‘lib o‘tdi.

Muloqotda yurtimizning turli hududlarida faoliyat yuritayotgan maktab o‘qituvchilari va direktorlari o‘z fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdilar, taklif va tashabbuslarini aytdilar. 

Yurtimiz maktab ta’limi tizimida bo‘layotgan ijobiy o‘zgarishlar, o‘qituvchilik kasbi nufuzi va maqomini yanada yuksaltirish, ustoz va murabbiylarning mehnatini munosib rag‘batlantirish bo‘yicha qilinayotgan keng ko‘lamli ishlar uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdilar.

Prezident pedagoglar ilgari surgan tashabbuslarni chuqur o‘rganib, amaliyotga tatbiq etish yuzasidan tegishli mutasaddilarga topshiriqlar berdi.

– Yana bir bor takrorlayman: najot – ta’limda, najot – tarbiyada, najot – bilimda. Hammamiz ko‘rib turibmiz: bugungi shiddatli zamon oldimizga qanday og‘ir va murakkab vazifalarni qo‘ymoqda. Ularni hal etish va ezgu maqsadlarimizga yetish uchun xalqimiz, avvalo, yoshlarimizni ilm-fan va taraqqiyot yutuqlari bilan qurollantirishimiz shart. Bu yo‘lda men birinchi navbatda sizlarga ishonaman, sizlarning katta bilim va tajribangiz, pedagogik mahoratingizga, noyob insoniy fazilatlaringizga tayanaman, – dedi Prezident so‘zining yakunida.

O‘zA