Xodimlarning mehnat huquqlari himoyasini kuchaytirishga qaratilgan hujjat ratifikatsiya qilinadi
Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT)ning haq to‘lanadigan ta’tillar to‘g‘risidagi 132-sonli Konvensiyasini 38 davlat ratifikatsiya qilgan.
Unda mehnat munosabatlarida xodimlarning mehnat faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq huquqlari, shu jumladan, dam olish va haq to‘lanadigan ta’tillardan foydalanish huquqlarini ta’minlash choralarini yanada kuchaytirish kabi masalalar o‘rin olgan.
Mazkur hujjat O‘zbekistonda ratifikatsiya qilinishi kutilmoqda. Shu maqsadda “Xalqaro mehnat tashkilotining haq to‘lanadigan ta’tillar to‘g‘risidagi 132-sonli Konvensiyasini (1970 yilda qayta ko‘rib chiqilgan. Jeneva, 1970 yil 24 iyun) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun ishlab chiqildi.

Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi majlisida mazkur qonun dastlabki tarzda ko‘rib chiqildi.
Muhokama jarayonida konvensiyaning ratifikatsiya qilinishi O‘zbekiston Respublikasi va XMT o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilishi qayd etildi. Milliy qonunchilikni yanada takomillashtirish, xodimlarning dam olish va haq to‘lanadigan ta’tillardan foydalanish huquqlarini ta’minlash bo‘yicha xalqaro standartlarni samarali joriy etishga keng imkoniyat yaratiladi.
O‘zbekistonning xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan munosabatlarda ijobiy imijini oshiradi. Jahon savdo tashkilotiga integratsiyalashuvni jadallashtirishga ko‘maklashadi.

Shuningdek, majlisda “O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Xitoy Xalq Respublikasi Hukumati o‘rtasida maxfiy axborotni o‘zaro himoya qilish to‘g‘risidagi Bitimni (Sian, 2023 yil 18 may) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun ham ko‘rib chiqildi.
Mazkur hujjatda ikki mamlakat hukumatlarining ikki tomonlama hamkorligi jarayonida tomonlar bir-biriga har qanday shaklda beradigan (oladigan), shuningdek, shakllangan maxfiy axborotlarni o‘zaro himoya qilishni ta’minlashga oid masalalar o‘z aksini topgan.
Bitimning ratifikatsiya qilinishi ikki davlat o‘rtasida o‘zaro manfaatli siyosiy, harbiy, iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirishga imkon yaratadi.
Ikki tomonlama hamkorlik jarayonida har qanday shaklda beradigan (oladigan) va shakllanadigan maxfiy axborotlarni tomonlarning hukumati tarafidan o‘zaro himoya qilinishi uchun huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.
N.Abduraimova, O‘zA