Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahrida o‘tayotgan Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki Boshqaruvchilari kengashining to‘qqizinchi yillik yig‘ilishidagi nutqida ta’kidladi.
Bu borada so‘nggi sakkiz yilda maktabgacha ta’lim qamrovi 27 foizdan 74 foizga oshirildi. Yangi maktablar qurilib, qo‘shimcha 800 mingta o‘quvchi o‘rni yaratildi. Oliy o‘quv yurtlari soni 200 dan oshib, qamrov 9 foizdan 38 foizga yetdi.
O‘zbekiston kelgusi 3-4 yilda maktabgacha ta’lim qamrovini kamida 80 foizga yetkazishni maqsad qilgan. Buning uchun xususiy sektor bilan birga 240 ming o‘rinli bog‘chalar barpo etiladi.
Shuningdek, kelgusi yildan boshlab davlat-xususiy sheriklik asosida har yili barcha shahar va qishloqlarda eng ilg‘or standartlarga mos keladigan 100 tadan yangi maktablarni ishga tushirish reja qilingan. Bunga kelgusi yillarda 2 milliard dollar investitsiya kiritiladi.
Prezident ta’limdagi loyihalarni xalqaro moliya tashkilotlari bilan hamkorlikning yangi istiqbolli yo‘nalishi sifatida belgilab olishni taklif qildi.
O‘zA