Namangan shahrida belbog‘li kurash bo‘yicha 20 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il va qizlar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati bo‘lib o‘tdi.

Namangan viloyatidagi sportning o‘yin turlari va yengil atletika bo‘yicha ixtisoslashtirilgan sport maktabiga qarashli “Barkamol avlod” sport majmuasida o‘tgan chempionatda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va barcha viloyatlardan 250 nafardan ortiq sportchi ishtirok etdi.

Musobaqada o‘g‘il bolalar erkin va klassik yo‘nalishlarda o‘nta vazn toifasida, qizlar esa erkin yo‘nalishda sakkizta vazn toifasida kuch sinashdi.

O‘zbekiston belbog‘li kurash federatsiyasi raisi Ravshan Dastirov, yurtimizda mehmon bo‘lib turgan Jahon belbog‘li kurash assotsiatsiyasi vakili Ralf Fayziyev (AQSH), Namangan viloyati hokimligi va yuzlab sportsevarlar muxlisligida o‘tgan shiddatli bellashuvlarda o‘z vazn toifalarida Firdavs Haqnazarov (48 kg. Toshkent v.), Oybek Siddiqov (52 kg. Farg‘ona), Abror Ahmadjonov (57 kg. Namangan), Moldir Alimbayeva (48 kg. Qoraqalpog‘iston), Feruza Sobirova (52kg.Farg‘ona) singari kurashchilar g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarildi.

Aytish lozimki, mamlakat birinchiligida chempionlikka erishgan sportchilar joriy yil noyabr oyida Rossiya Federatsiyasida o‘tadigan o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionatida Vatanimiz sharafini himoya qiladi.

T. Ro‘ziyev,  

O‘zA muxbiri