Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston Respublikasi qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri v.b Sherzod Hidoyatov boshchiligidagi delegatsiya a’zolari joriy yilning 18-21 sentyabr kunlari Rossiya Federatsiyasida bo‘lib qaytdi.
Dastlab vakillarimiz “DOM.RF” aksiyadorlik jamiyatiga tashrif buyurdi. Uchrashuvda hamkorlik istiqbollari va kompaniyaning ilg‘or mexanizmlarini mamlakatda qo‘llash masalalari muhokama qilindi. Jumladan, hududlarni kompleks rivojlantirish standartini mamlakatimizga moslashtirish, “yashil” ko‘p kvartirali uylarni qurish bo‘yicha davlatlararo standart loyihasini ilgari surish va Arxitektorы.rf ta’lim dasturida ishtirok etish kabi yo‘nalishlarda o‘zaro fikr almashildi.
Tashrif doirasida delegatsiya a’zolari “Domklik” bo‘limi ofisida ham bo‘ldilar. Taqdimotlarda loyihani boshlashdan tortib uni qabul qilish, mulk huquqini ro‘yxatdan o‘tkazishga oid jarayonlar haqida so‘z bordi. E’tirof etildiki, arzon uy-joy bozorini rivojlantirish, shuningdek, ushbu sohani raqamlashtirish bo‘yicha muayyan kelishuvlarga erishilgan. Bu esa O‘zbekiston uy-joy bozorida qurilish loyihalarini moliyalashtirish jarayonlarini tezlashtiradi.
Shuningdek, Sh.Hidoyatov boshchiligidagi delegatsiya Rossiya qurilish va kommunal xo‘jaligi vazirligiga ham tashrif buyurdi. Uchrashuvda ta’kidlanganidek, keyingi yillarda Prezidentimiz boshchiligida mamlakatimizda boshqa sohalar qatori, qurilish va kommunal sohalarni rivojlantirishga ham katta e’tibor qaratilmoqda.
– Vazirliklarimiz o‘rtasidagi sheriklikni yanada rivojlantirish maqsadida ikki davlat hududidagi loyihalarni amalga oshirishda loyiha va qurilish tashkilotlarining ishtirokini kengaytirish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rishga tayyormiz, – dedi Sh.Hidoyatov
Shuningdek, muhim sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etish uchun Rossiyaning yirik kompaniyalari O‘zbekistonga taklif qilindi. Ishtirokchilar, shuningdek, buyurtmachilik faoliyatini raqamlashtirish, qurilishda nazorat tizimi kabi yo‘nalishlarda rossiyalik soha vakillari tomonidan to‘plangan keng qamrovli tajribani ommalashtirish yuzasidan ham o‘zaro fikrlashdi. O‘z o‘rnida, rossiyalik mutaxassislar ham o‘zbekistonlik hamkasblari tomonidan tender tizimida erishilgan natijalarga katta qiziqish bildirdi.
O‘zbekiston Respublikasi qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri v.b Sh.Hidoyatov hamda Rossiya Federatsiyasi Qurilish va kommunal xo‘jaligi vaziri I.Fayzullin ishtirokidagi uchrashuv tomonlar uchun birdek manfaatli bo‘ldi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA