Osiyo qit’asida futbol bo‘yicha Jahon chempionati 3-saralash bosqichining uchinchi va to‘rtinchi tur uchrashuvlari 10-15 oktyabr kunlari bo‘lib o‘tadi.
Mazkur bosqichda biz uchun ahamiyatlisi “A” guruhidan o‘rin olgan O‘zbekiston milliy terma jamoasining o‘yinlaridir. Ushbu ikki turda futbolchilarimiz “Bunyodkor” stadionida o‘yin o‘tkazadi.
Aniqrog‘i, 10 oktyabr kuni O‘zbekiston – Eron, 15 oktyabr kuni esa O‘zbekiston – BAA termalari bahsiga guvoh bo‘lamiz. Har ikkala uchrashuv ham mamlakatimiz vaqti bilan soat 19:00da boshlanadi.
Kuni kecha OFK Jahon chempionatining uchinchi saralash o‘yinlari uchun bosh hakamlar nomini e’lon qildi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston – Eron terma jamoalari bahsini avstraliyalik Shon Evans bosh hakam sifatida boshqarsa, O‘zbekiston – BAA uchrashuviga xitoylik Ning Ma bosh hakam etib tayinlandi.
Eslatib o‘tamiz, Jahon chempionati 3-saralash bosqichi “A” guruhida ikkinchi tur yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston va Eron 6 ochko jamg‘argan holda guruh peshqadamiga aylangan. BAA esa 3 ochko bilan uchinchi pog‘onada borayotgan bo‘lsa, KXDR va Qatar termalari 1 ochko jamg‘arib, 4-5-o‘ringa joylashgan. Qirg‘iziston terma jamoasi ikki mag‘lubiyat evaziga so‘nggi pog‘onada qolmoqda.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA