Yig‘ilishda kun tartibidagi ikkinchi masala – qurilish industriyasidagi ishlar ahvoli tahlil qilindi.
Dunyoda qurilish industriyasi kun sayin rivojlanayotgani, zamonaviy loyiha yechimlari, yangi texnologiya va yondashuvlar amaliyotga shiddat bilan kirib kelayotgani ta’kidlandi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda qurilish hajmi yiliga o‘rtacha 7-8 foiz o‘sgani bilan haligacha eski norma, standart va yondashuvlar saqlanib qolayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Sohaga yuqori texnologiya, ilm va innovatsiyani joriy qilish ishlari bugungi kun talabiga mos kelmasligi qayd etildi.
Masalan, shaharsozlik normalari va qoidalarining 38 tasi ro‘yxatdan o‘tmagan, yana 13 tasi yangilanmagan.
Shu bois quruvchilar zamonaviy ob’ekt qurishda loyihaga maxsus texnik shart olish uchun qo‘shimcha vaqt va mablag‘ sarflamoqda, bu esa tannarxga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Qurilishdagi o‘zgarishlardan orqada qolib ketmaslik uchun SHNQlarni muntazam yangilab borish kerakligi ta’kidlandi.
Shu munosabat bilan Qurilish va Adliya vazirliklariga bir oyda 38 ta SHNQni ro‘yxatdan o‘tkazib, amaliyotga joriy qilish, 1 martga qadar 16 qavatdan yuqori binolar, savdo kompleksi va parkinglar bo‘yicha milliy normalarni hamda yana 13 ta SHNQni ishlab chiqish topshirildi.
Yil yakunigacha 16 qavatdan yuqori binolar qurish bo‘yicha Toshkent arxitektura-qurilish universiteti qoshida alohida Konstruktorlik byurosi tashkil qilinishi belgilandi.
O‘zA