Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida qurilish industriyasi va qurilish materiallari ishlab chiqarishni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishi davom etmoqda.
Bazalt xomashyosi qayta ishlanib, qurilishda keng qo‘llanayotgani hisobiga yangi uy-joy va ijtimoiy ob’ektlarda energiya sarfi 20 foizgacha kamaygani ta’kidlandi.
Biroq qurilishda bazaltdan tashqari quyosh nurini qaytaruvchi oyna, fibro tolali panel, vermikulit aralashmasi kabi materiallarni ishlatib, energiya sarfini yana 2 baravar qisqartirish mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi.
Hozir qurilishda talab yuqori bo‘lgan quyoshni qaytaruvchi indiy, alyuminiy yoki rux plyonkasi bilan qoplangan maxsus oynalar ishlab chiqarish haligacha yo‘lga qo‘yilmagan.
Bu borada Quvasoydagi “Kvars” korxonasi 20 million dollar investitsiya kiritib, yillik 5 million kvadrat metr bunday oyna ishlab chiqarish tashabbusini bildirmoqda.
Prezident bu loyihani ma’qullab, mutsaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.
Yana bir misol – binolarning fasad qismida fibro tolali paneldan foydalanib, energiya sarfini yana 10 foizga kamaytirish mumkin.
Muhimi, fibro tolali panellar narxi olovga chidamli boshqa fasad qoplamalariga nisbatan 20 foizgacha arzon.
Bu mahsulotni ishlab chiqarishda asosiy komponent hisoblangan – sement va boyitilgan qum o‘zimizda yetarli.
Mutasaddilarga bunday energiya tejamkor zamonaviy qurilish materiallari loyihalarini ko‘paytirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
“Sanoat ipotekasi” asosida avtoklav gazobeton, fibrotsement panel, geotekstil, bazalt kabi yangi mahsulotlarni ishlab chiqarish bo‘yicha 170 million dollarlik 7 ta loyihani ishga tushirish topshirildi.
O‘zA