Turkmaniston mustaqilligining 33 yilligi munosabati bilan Davlat tasviriy san’at muzeyida turkman rassomlari asarlari namoyish etilmoqda. Bu haqda “InfoAbad” xabar qildi.

Ko‘rgazma markazidan joy olgan Jumamurat Qurbonovning “Bayram kuni” triptixi orqali muallif kechki Ashxobodda sayr qilayotgan yoshlar yuzidagi quvonchni ko‘rsatishga muvaffaq bo‘lgan. Rang-barang neon yoritgichlar nuridan tovlanayotgan mahobatli binolar poytaxt manzarasiga o‘zgacha chiroy qo‘shgan. Baxtiyor yoshlar, keng yo‘l bo‘ylab harakatlanayotgan zamonaviy mashinalar, shaharning o‘ziga xos me’moriy namunasi – bari yorqin va rang-barang.

Turkmaniston mustaqilligining 33 yilligi yana bir muhim sana – Buyuk Mahtumquli Firog‘iy tavalludining 300 yilligiga to‘g‘ri keldi. Ko‘pchilik ijodkorlar o‘z asarlarida shu ikki mavzuni uyg‘unlashtirgan.

Davlat Badiiy akademiyasi talabalarining jamoaviy ishi – “Men kutgan kunlar keldi” monumental kartinasi mualliflari Pavel Anaxovskiy, Ayna Otamurodova, Jemal Boymurodova va Og‘ulay Haydarova buyuk adibning ulug‘vor siymosi fonida Arqadag‘ shahrini tasvirlagan. Shu tariqa shoirning orzusi va bugungi turkmanlar hayoti muvofiqlashtirilgan. Ko‘rgazma mazmunini Axaltek otlari taskiri, zamondoshlar portretlari, ona-yurt ifodasi, Mahtumquli she’rlariga illyustratsiyalar ham boyitgan.