Prezident Shavkat Mirziyoyev 19 sentyabr kuni qishloq xo‘jaligidagi islohotlar ijrosiga oid taqdimot bilan tanishdi.

Mamlakatimizda bu sohaning tarmoqlari ko‘p va katta salohiyatga ega. So‘nggi yillarda paxtachilik, meva-sabzavotchilik, issiqxona xo‘jaligi, qayta ishlash sanoati kabi ko‘plab yo‘nalishlar samaradorlik nuqtai nazaridan isloh qilinmoqda.

Yurtimizda 136 ta tumanda 1 million gektardan ziyod yerda paxta yetishtiriladi. Hosildorlikni oshirish maqsadida bu yil, odatdagilariga qo‘shimcha, 42 ta istiqbolli va 18 ta xorijiy navlar ekilgan. Jumladan, ilk bor Xitoy, Hindiston va Turkiyadan olib kelingan navlar qariyb 100 ming gektarda yetishtirilmoqda.

Shuningdek, yangi tajribalar sifatida 112 ming gektarga tindirilgan urug‘, 200 ming gektarga viloyatlararo va tumanlararo navlar almashlab ekildi.

Mutasaddilar ushbu yangiliklarning natijalari va kelgusi yil uni yanada kengaytirish rejalari yuzasidan axborot berdi. Davlatimiz rahbari xorijdan urug‘ olib kelishda raqobat muhitini yaratish, paxta yetishtirish agrotexnikasini ham rivojlantirish zarurligini ta’kidladi.

Qishloq xo‘jaligidagi hosildorlik, birinchi navbatda, uruqqa bog‘liq. Lekin ko‘p fermerlar urug‘lik uchun ustamani kam to‘lashni o‘ylab, past avlodli urug‘ ekayapti. Yangi urug‘ navini sinovdan o‘tkazib, davlat reyestriga kiritishga esa 5 yil ketayapti. Ilg‘or tajribada birlamchi urug‘chilikni xususiy elita xo‘jaliklari amalga oshiradi.

Shu bois navlarni sinashning yangi tizimi joriy qilinishi belgilandi. Unga ko‘ra, 31 ta elita urug‘chilik xo‘jaligi va 6 ta urug‘lik tayyorlash sexidagi davlat ulushi ommaviy savdolarga chiqariladi. 46 ta urug‘chilik korxonasi birlashtirilib, hududlarda 13 ta zamonaviy korxona tashkil etiladi. Yangi urug‘lar 2 yilda ekishga joriy qilinadi.

Sohadagi yana bir katta yo‘nalish bog‘dorchilik va uzumchilik. Mamlakatimizda 266 ming gektar bog‘ va 132 ming gektar tokzor bor. Lekin bu unumdor tabiatimizga yarasha emas. Hududlarda yaxshi foydalanilmayotgan yerlar, bo‘sh adirlar talaygina.

Endi bunday yerlarda mevali bog‘lar, jumladan, uzumzor va olmazorlar barpo etishning yangi tizimi joriy qilinadi.

Ya’ni, Agrosanoatni rivojlantirish agentligi hududlarning ixtisoslashuvi hamda tuproq-iqlim sharoitini inobatga olib, loyihalarning texnik iqtisodiy asoslarini ishlab chiqadi. Yerni tayyorlash, ko‘chat olish, ekish va sug‘orish tizimlari o‘rnatish hamda bog‘ hosilga kirguncha 3 yil parvarishlash uchun imtiyozli kreditlar ajratiladi. Yangi tashkil etilgan sanoatlashgan bog‘larga 100 foiz zamonaviy suv tejovchi texnologiyalar o‘rnatiladi.

Shuningdek, bunday loyihalarga yer ajratish tizimi ham o‘zgaradi. Mahalliy hokimlar hosildorligi past yerlar o‘rnida bog‘ barpo etish bo‘yicha taklif kiritadi. Ular ochiq elektron tanlov asosida 30 yil muddatgacha ijaraga beriladi.

Prezidentimiz bog‘ va tokzorlarni sanoatlashgan tarzda barpo etish muhimligini aytdi.

– Asosiy maqsadimiz qishloq xo‘jaligini ilmiy asoslangan, BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkilotining eng yaxshi tajribalarini tatbiq qilgan holda rivojlantirish, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Taqdimotda issiqxona xo‘jaliklaridan ham samarali foydalanish, ularni elektr energiyasi, tabiiy gaz va aylanma mablag‘ bilan ta’minlash masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.

Bugungi kunda suvni tejash – dolzarb masala. Hududlarda 732 ming gektar paxta va g‘alla maydoni ichki nasos agregatlari orqali sug‘orilmoqda. Ularning 41 foizida energiya iste’moli yuqori.

Shu bois paxta va g‘alla yetishtiruvchilar ixtiyoridagi nasoslarni modernizatsiya qilish uchun bir martalik subsidiya ajratishni yo‘lga qo‘yish taklifi bildirildi. Bu orqali elektr energiyasi sarfi va sug‘orish vaqtini 60 foizgacha kamaytirishga, pirovard natijada mahsulot tannarxini pasaytirishga erishiladi.

Davlatimiz rahbari bu takliflarni ma’qullab, ularni takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha ko‘rsatmalar berdi.