O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti tomonidan 17-19 sentyabr kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida “Xavfsiz hayot uchun birlashaylik!” shiori ostida yoshlar ishtirokida keng qamrovli tadbirlar bo‘lib o‘tadi.

IIV Jamoat xavfsizligi departamenti axborot xizmati xodimi, podpolkovnik Suhrob Shomansurov tadbirni o‘tkazish bilan bog‘liq  jarayonlar haqida ma’lumot berdi:

– Yoshlarning hayotda munosib o‘rnini topishi uchun barcha imkoniyatlarni ishga solish davlatimizning muhim maqsadlaridan biri hisoblanadi. Ichki ishlar organlari tizimida ham yoshlar orasida huquqbuzarlik va jinoyatlar sodir etilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun barcha choralar ko‘rib kelinmoqda.

“Xavfsiz hayot uchun birlashaylik!” shiori ostida Qoraqalpog‘istonda yoshlar ishtirokida bo‘lib o‘tadigan uch kunlik tadbirlar ularning bundan keyin bor kuch va imkoniyatlarni to‘liq ishga solishi yuzasidan rag‘bat beradigan uchrashuvlarga boy bo‘ladi.

Tadbir ochilishidan keyin yoshlarning muammolarini aniqlash va bartaraf etish maqsadida ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, Jamoat xavfsizligi departamenti boshlig‘i Bekmurod Abdullayev tomonidan “sayyor qabul” o‘tkaziladi.

“It park Karakalpakstan” ma’muriy binosida bo‘ladigan sayyor qabuldan keyin joriy yilda Parijda bo‘lib o‘tgan Olimpiada va Paralimpiadaning qoraqalpog‘istonlik ishtirokchilari bilan uchrashuv tashkil etiladi.

Nukus shahridagi “Do‘stlik maydoni”da barcha shahar (tuman) yoshlarini jalb etgan holda “Xavfsiz hayot uchun birlashaylik!” shiori ostida boshqa tadbirlar tashkil etiladi. Bunda, Jamoat tartibini saqlash, Huquqbuzarliklar profilaktikasi, Probatsiya va Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatlarining xizmat avtomobillari,  mototsikllari, skuterlari, elektrosamokatlari namoyishi bo‘ladi. Yoshlar ko‘rgazmali namoyish davomida mashina va skuterlarlarda xodimlar bilan birgalikda sayr qilish  imkoniga ham ega bo‘ladi.

Xizmatlarga tegishli eng yangi maxsus vosita va texnologiyalar (virtual borliq (VR) ko‘zoynaklari, dron, xavfsizlik kamari simulyator trenajyorlari, planshet, bodikamera, jezl, alkotester, narkotester, svetofor va h.k.) namoyish qilinadi.

Otliq otryadining otlari va kinologiya itlarining ko‘rgazmali chiqishlari tashkil etiladi. Qo‘lda chizilgan targ‘ibot rasmlari va ko‘rgazmali materiallar namoyish qilinadi.

IIV muzeyidagi eksponatlardan foydalangan holda kecha va bugun burchagi tashkil etiladi. Qisqa muddatli sport musobaqalari (elektron tir, armrestling, elektron boks qopini  urish, turnik va boshqalar) o‘tkaziladi.

Huquqiy interaktiv viktorina va ko‘rik tanlovlar o‘tkaziladi hamda g‘oliblar rag‘batlantiriladi. “Yashil chiroq” musobaqasi 2023 va 2024 yil ishtirokchilari tomonidan “Safda yurish tayyorgarligi”, “Targ‘ibot guruhining chiqishlari” namoyish qilinadi.

Flayer, uslubiy qo‘llanma, suvenir, merch materiallar (blaknot, termos, ruchka, nur qaytargichli jilet) ekosumkalarda jamlanib, ishtirokchilarga bepul tarqatiladi. Ishtirokchi yoshlarga “Smile” kartochkalari tarqatiladi, ular ushbu kartochka  orqali o‘ziga yoqqan xizmatini baholaydi.

Nukus shahridagi “Do‘stlik maydoni”da konsert dasturi, ko‘rgazmali chiqish va taqdirlash marosimlari o‘tkaziladi. Bunda,  taniqli san’atkorlarining badiiy chiqishlari ko‘zda tutilgan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi “Quvnoqlar va zukkolar” jamoasining badiiy chiqishi tashkil etiladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi IIV tuzilmalarining chiqishlari (orkestr, Temurbeklar maktabi, akademik litsey, tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbar otryadi), sportning jangovar turi bo‘yicha yosh sportchilarning (ushu, qo‘l jangi va boshqa) chiqishlari, 8 ta nominatsiyada g‘oliblarni diplom va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlash va ularning badiiy chiqishlari o‘tkaziladi.

“Yoshlar jinoyati va huquqbuzarligidan holi mahalla”, “Ëshlapga eng ko‘p yordam ko‘rsatgan tadbirkor”, “Xavfsiz va ravon yo‘l”, “Zakovat”, “Dillarda Vatan madhi” shiori ostida qo‘shiq va she’riyat bo‘yicha tadbirlar o‘tkaziladi. Voleybol bo‘yicha “Ichki ishlar vaziri kubogi” sport musobaqalari tashkil etiladi.

Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, yurtimizning tarixi va mustaqillik yillarida barpo etilgan bunyodkorlik inshootlari bilan yaqindan tanishtirish maqsadida “Yangi

O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” shiori ostida ekskursiya tashkil etiladi. Bunda, ichki ishlar organlariga biriktirilgan 100 nafar yoshlar uchun Xorazm va Buxoro viloyatlaridagi tarixiy obidalar va diqqatga sazovor joylarga sayohat tashkil etiladi.

Tadbirning yuqori saviyada o‘tkazilishi, tadbir bo‘ladigan kunlarda xavfsizlikni ta’minlash uchun barcha chora-tadbirlar belgilangan.

Norgul ABDURAIMOVA, O‘zA