Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida kichik va o‘rta biznesni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, ushbu qonun loyihasi tadbirkorlik sub’ektlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmini kengaytirish, tadbirkor tomonidan nobank kredit tashkilotlaridan kredit olishida mavjud huquqiy to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan. Qonun loyihasi kredit oluvchiga kafolat (kafillik) berish faoliyatini professional asosda amalga oshiruvchi kafolatlar berish tashkilotini tashkil etishga oid huquqiy normalarni o‘z ichiga olgan.
Shuningdek, loyiha bilan nobank kredit tashkilotlarini aksiyadorlik jamiyati yoki mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklida tashkil etish, mikromoliya tashkilotlari tomonidan mijozlarga xorijiy valyutada moliyaviy xizmatlar ko‘rsatish hamda mikromoliya tashkilotlariga tegishli litsenziya olgan holda to‘lov tashkiloti faoliyatini amalga oshirish imkoniyatlari yaratilmoqda.
Bundan tashqari, loyihada jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan nobank kredit tashkilotining ustav kapitalidagi olinayotgan ulush miqdori 10 foizdan 20 foizgacha bo‘lganda, Markaziy bankning xabardor qilish tartibi qo‘llanilishi ko‘zda tutilgan.
Qayd etilganidek, qonun loyihasining qabul qilinishi bilan tadbirkorlik sub’ektlarining moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyati yanada kengaytiriladi, biznesni qo‘llab-quvvatlash hamda tadbirkorlik loyihalarini moliyalashtirishning yangicha vositalari yaratiladi.
M.Komilova, O‘zA