Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi A.Orinbayev muammolarni bartaraf etish yuzasidan amalga oshirilgan ishlarni joyiga borib ko‘rish maqsadida Chimboy tumanidagi “Tag‘jap” hamda “Keңes” ovul fuqarolar yig‘inlarida bo‘lib, aholi bilan yaqindan muloqot qildi.
Prezidentimiz raisligida 11 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida kambag‘allikni qisqartirish ishlarini keyingi sifat bosqichiga olib chiqish masalalari muhokama qilindi va kambag‘allikni qisqartirish umummilliy harakatga aylanishi bildirildi.
Yig‘ilishda ta’kidlaganidek, kambag‘allikni faqat pul tarqatish, nafaqa to‘lash bilan hal qilib bo‘lmaydi. Buning uchun kambag‘al oila a’zolarini o‘qitish, kasbga o‘rgatish va ish bilan ta’minlash muhim.
Ta’kidlash joizki, fuqarolar tomonidan o‘tgan uchrashuvda ichki yo‘llarni ta’mirlash va infratuzilmani yaxshilash borasida bildirilgan murojaatlar bugungi kunga kelib bosqichma-bosqich o‘z yechimini topmoqda. Muloqot davomida ular tomonidan bildirilgan muammolar bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirildi hamda vaqt talab etadiganlari bo‘yicha tegishli soha rahbarlariga aniq topshiriq berildi.
Jo‘qorg‘i Kenges Raisi tuman dehqon bozoridagi ishlar bilan yaqindan tanishib, bozor hududida infratuzilmani yanada yaxshilash, sotuvchilar va xaridorlar uchun qulay sharoitlar yaratish borasida bajarilgan ishlarni ko‘zdan kechirdi.
Tuman dehqon bozori hududida bugungi kunda aholiga sifatli xizmat ko‘rsatish borasida barcha qulayliklarga ega yirik yopiq savdo majmuasi qurilishi davom etmoqda. Jami 30 milliard so‘mlik loyiha doirasida ko‘p qavatli savdo majmuasi, avtoturargoh va boshqa qulayliklar barpo qilinadi.
Tanishish davomida qurilish ishlarini jadallashtirish va loyiha tashabbuskorlariga ko‘maklashish bo‘yicha tegishli soha mas’ullariga topshiriq berildi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri.