O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Germaniya Federativ Respublikasi Federal Kansleri Olaf Shols 15-16 sentyabr kunlari rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘ldi.

Tashrifning asosiy tadbirlari Samarqand shahridagi Kongress markazida o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Germaniya Federativ Respublikasi Federal Kansleri Olaf Shols yuzma-yuz muloqot qildilar. Ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari delegatsiyalar ishtirokida kengaytirilgan tarkibdagi uchrashuvda atroflicha muhokama qilindi.

Muzokaralar yakuni bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Germaniya Federativ Respublikasi Federal Kansleri Olaf Shols Qo‘shma deklaratsiyani qabul qildilar. Shuningdek, ikki tomonlama 8 ta hujjat, jumladan, migratsiya va mobillik sohasida har tomonlama sheriklik to‘g‘risida hukumatlararo bitim, o‘ta muhim minerallar sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida qo‘shma deklaratsiya, transport sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Germaniya Federal Kansleri Olaf Shols 16 sentyabr kuni Samarqand shahrida ikki mamlakatning yetakchi kompaniya va banklari vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdilar.

Tadbirda Germaniya Iqtisodiyot va iqlimni muhofaza qilish vazirligi parlament davlat kotibi Mixael Kellner, Germaniya iqtisodiyotining Sharqiy qo‘mitasi boshqaruvchi direktori Mixael Xarms, “KNAUF”, “CLAAS”, “Mangold Consulting”, “Gunter Papenburg”, “Siemens Energy”, “Linde Group”, “Aurubis”, “FALK PORSCHE”, “Metso”, “Edison technologies”, “Ernst Klett”, “Siemens Healthineers”, “Herrenknecht”, “DB Engineering & Consulting”, “Svevind Energy Group”, “Rhenus”, “HMS Bergbau”, “Textima” kabi yetakchi kompaniyalar hamda “KfW Development Bank”, “AKA Bank” banklarining rahbarlari va vakillari ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbari uchrashuvning ishtirokchilarini samimiy qutlab, tadbir tarixiy Samarqand shahrida o‘tkazilayotgani ramziy ma’noga ega ekanini ta’kidladi.

Kecha bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi samarali muzokaralar yakunlariga yuksak baho berildi. Ularda Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining iqtisodiyot tarmoqlarini chuqur transformatsiya va modernizatsiya qilish bo‘yicha asosiy ustuvor yo‘nalishlari qo‘llab-quvvatlangani alohida qayd etildi.

Germaniyaning yetakchi kompaniya va banklari bilan Sanoat va texnologik sheriklik bo‘yicha qabul qilingan strategik dastur doirasida qo‘shma investitsiya loyihalari va savdo shartnomalarini qo‘llab-quvvatlash hamda jadallashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish to‘g‘risidagi kelishuvlarga erishilgani uchrashuvning asosiy natijasi bo‘lgani ta’kidlandi.

O‘zbekiston va Germaniya ishbilarmon doiralarining faol va amaliy ishtirokida o‘zaro manfaatli sheriklikning ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi. Bu “yashil energetika”, kimyo sanoati, “yashil vodorod” ishlab chiqarish, mashinasozlik, elektrotexnika, to‘qimachilik, farmatsevtika sanoati va boshqa sohalarda sanoat kooperatsiyasini nazarda tutadi.

Bundan tashqari, o‘ta muhim mineral resurslar konlarini o‘zlashtirish va ularni chuqur qayta ishlash, keyinchalik Germaniya va uchinchi mamlakatlar bozorlariga eksport qilish uchun yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishda Germaniya kompaniyalarining ishtiroki istiqbolli yo‘nalish sifatida belgilandi.

Energetika, transport-kommunikatsiya, kommunal va turizm infratuzilmasi ob’ektlarini modernizatsiya qilish, sanoat va xizmat ko‘rsatish korxonalarini xususiylashtirish dasturida ishtirok etish, shuningdek, mamlakatimizda sog‘liqni saqlash, ta’lim va ekologiya sohalarida ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni amalga oshirish ham hamkorlikning asosiy yo‘nalishlariga kiradi.

Uchrashuvda Prezidentimiz Germaniya biznesining O‘zbekistondagi yirik kompaniyalar bilan yaqin hamkorligini yo‘lga qo‘yish muhimligiga alohida e’tibor qaratdi.

Shu ma’noda, qurilish materiallari ishlab chiqarish, metallurgiya, energetika, kimyo, transport infratuzilmasi, qishloq xo‘jaligi va mashinasozlik, tibbiyot va boshqa sohalarda yangi tashabbuslarni ishlab chiqish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni davom ettirish kerakligi ta’kidlandi.

– Uchrashuvimizni yangi formatda tashkil etdik. O‘zbekiston tomonidan, asosan, so‘nggi yillarda mustahkam oyoqqa turib olgan va Germaniya biznesining munosib hamkori bo‘lgan xususiy sektor vakillari ishtirok etmoqda, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

So‘zining yakunida O‘zbekiston Prezidenti barcha ishtirokchilarga belgilangan rejalarni amalga oshirishda katta muvaffaqiyatlar tiladi.

O‘z navbatida, Germaniya Federal Kansleri Olaf Shols mamlakatimiz bilan ko‘p qirrali munosabatlar izchil rivojlanayotganini yuqori baholab, mavjud sheriklik aloqalarini mustahkamlash muhimligini ta’kidladi hamda Germaniya ishbilarmon doiralari vakillarini qo‘shma loyihalar va tashabbuslarni amalga oshirishda dadil ishtirok etishga chaqirdi.

Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Germaniya Federativ Respublikasi Kansleri qo‘shma Boshqaruv kadrlarini tayyorlash maktabining ochilishiga bag‘ishlangan marosimda ishtirok etdilar.

Loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi va Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan Xanns Zaydel jamg‘armasi hamda Bavariya davlat boshqaruvi maktabi bilan hamkorlikda amalga oshirildi.

Mutasaddilar videoaloqa orqali yetakchilarga loyiha haqida batafsil ma’lumot berdilar. Uning asosiy maqsad va vazifalari mamlakatimiz hududlarida boshqaruv kadrlarining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish va ilg‘or texnologiyalarni o‘zlashtirish borasidagi salohiyatini oshirishdan iborat.

O‘zbekiston – Germaniya sammiti yakunida daraxt ekish marosimi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Germaniya Federal Kansleri Olaf Shols Kongress markazidagi xiyobonda birgalikda daraxt ekdilar.

Bu O‘zbekiston – Germaniya ko‘p qirrali munosabatlarida yangi bosqich boshlangani, xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik rishtalari mustahkamlanib borayotganining ramzi bo‘ldi.

Germaniya Federal Kansleri Olaf Shols Samarqanddagi Xalqaro turizm akademiyasiga tashrif buyurdi.

2023 yilda Samarqand shahrida BMT Jahon sayyohlik tashkiloti Bosh Assambleyasining 25-sessiyasi doirasida ochilgan akademiya turizm sohasini rivojlantirish bo‘yicha yuqori malakali va talab yuqori bo‘lgan mutaxassislarni tayyorlash markazi sifatida faoliyat ko‘rsatmoqda.

Akademiyada yaqinda birinchi akademik yil boshlandi va bitta dastur – mehmondo‘stlik menejmenti bo‘yicha 20 nafar tinglovchi saboq olmoqda. 2025 yil yanvardan esa yana 200 nafar mutaxassis tayyorlanadi. Ikkinchi akademik yildan boshlab mavjud uch yo‘nalishda 60 nafar trener va 1200 nafar mutaxassis o‘qitiladi.

O‘quv muassasasi bitiruvchilariga BMT Turizm tashkilotiga a’zo davlatlar tomonidan e’tirof etiladigan diplomlar beriladi.

Oliy martabali mehmon akademiyada yaratilgan sharoitlar hamda O‘zbekistonda zamonaviy sayyohlik infratuzilmasini barpo etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar bilan tanishdi.

Shu bilan Germaniya Federativ Respublikasi Federal Kansleri Olaf Sholsning mamlakatimizga rasmiy tashrifi yakunlandi.

Aytish mumkinki, mazkur tashrif o‘zaro ishonch va hurmatga asoslangan, qog‘ozdan amaliy jarayonlarga o‘tgan O‘zbekiston – Germaniya munosabatlarining yangi davrida navbatdagi muhim qadam bo‘ldi.

Ziyodulla JONIBEKOV,

G‘olib HASANOV,

O‘zA maxsus muxbirlari