O‘zbekiston va Turkiya Respublikalari Prezidentlari o‘rtasida erishilgan kelishuvlarga muvofiq, joriy yilning 12 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati markaziy apparatida DXX raisi Abdusalom Azizov Ibrohim Qalin rahbarligidagi Turkiya Milliy razvedka tashkiloti delegatsiyasini qabul qildi.

Uchrashuv davomida xavfsizlik sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalari, xususan, terrorizm va ekstremizm, noqonuniy migratsiya, uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish, terrorchilik faoliyatiga aloqador bo‘lgan qidiruvdagi shaxslarni ushlash va deportatsiya qilish masalalari muhokama qilindi.

Turkiya delegatsiyasining tashrifi ikki davlat o‘rtasidagi yuqori darajadagi siyosiy aloqalar jadal rivojlanib borayotgan bir sharoitda bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston va Turkiya qardosh davlatlar sifatida zamonaviy xavf-xatar va tahdidlarga qarshi kurashish masalalarida yakdil pozitsiyaga ega.

Hozirgi vaqtda faqat birgalikdagi sa’y-harakatlar va amaliy hamkorlik mamlakatlarimizni terrorizm va ekstremizmning har qanday ko‘rinishlaridan himoya qilishga qodir ekanligini ta’kidlash joiz.