Butunxitoy xalq vakillari kongressi shu hafta mamlakatda pensiya yoshini ko‘tarish bo‘yicha rasmiy rejasini bayon qildi. Ma’lum bo‘lishicha, ushbu davlatdagi ayni chegara dunyodagi eng past ko‘rsatkichlardan biri ekan.
Ushbu loyiha o‘nlab yillar davom etgan mehnat qonunchiligini o‘zgartirish va ishchi kuchi qisqarishi natijasida yuzaga kelgan iqtisodiy bosimni yumshatish yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholanmoqda.
“AzerTAJ” xabariga ko‘ra, hukmron Kommunistik partiya iyul oyida pensiya yoshi bosqichma-bosqich oshirilishini ma’lum qilgan edi. Chin diyorida hozir pensiya chiqish vaqti erkaklar uchun 60 yosh. Bu ko‘pgina iqtisodiyoti rivojlangan yurtlarga nisbatan olti yil past. Davlat tashkilotida ishlaydigan ayollar uchun 55, fabrikada mehnat qilayotgan xotin-qizlar uchun 50 yosh etib belgilangan.
Fuqarolar uzoq ishlashi pensiya byudjetidagi bosimni yengillashtiradi. Xitoyning ko‘plab provinsiyalarida allaqachon sezilarli defitsit mavjud. Ayni vaziyat pensiya kechikishi, keksa xodimlar ishida uzoqroq qolishini talab qiladi. Bu hammaga yoqmasligi mumkin.
Islohot zarurligi ayon, chunki 2050 yilga borib o‘rtacha umr ko‘rish 80 yoshdan oshadi. Shu bilan birga keksalarni qo‘llab-quvvatlash uchun zarur bo‘lgan mavjud mehnatga layoqatli aholi soni qisqarmoqda.
Ma’lumotga ko‘ra, milliy sog‘liqni saqlash idoralari 2035 yilga borib 60 yoshdan oshganlar soni 280 milliondan 400 millionga ko‘payishi kutilyapti. Hozir har bir xitoylik nafaqaxo‘r o‘n yil avvalgi ko‘rsatkichning yarmi, ya’ni besh nafar ishchining badali hisobiga qo‘llab-quvvatlanadi. Mazkur nisbat 2030 yil 4×1, 2050 yilga borib 2×1 ko‘rinish oladi.
“Sinxua” nashrining “Weibo” ijtimoiy tarmog‘ida 100 mingdan ko‘p odam ayni muammo bo‘yicha fikr-mulohaza qoldirgan. Izohlarda yoshlar o‘rtasida ishsizlik bilan bog‘liq vaziyat yomonlashayotgani, pensiya to‘lovi kechikishi tufayli keksalar uzoq ishlayotganidan xavotir bildirilgan.
G.Sattorova,
O‘zA