O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12 sentyabr kuni Turkiya Respublikasining tashqi ishlar vaziri Hakan Fidan, ichki ishlar vaziri Ali Yerlikaya va Milliy razvedka xizmati direktori Ibrohim Qalindan iborat delegatsiyani qabul qildi.
Uchrashuv avvalida yuqori martabali mehmonlar davlatimiz rahbariga Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdilar.
O‘zbekiston Prezidentining joriy yil 6-7 iyun kunlari Turkiyaga qilingan rasmiy tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida O‘zbekiston-Turkiya keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Bugun ikki davlat vazirlari va idoralari rahbarlari o‘tkazgan qo‘shma uchrashuvning samarali natijalari yuqori baholandi. Qabul qilingan “yo‘l xaritasi”ga muvofiq muntazam va tizimli aloqalarni davom ettirish, bunday muzokaralar formati va kun tartibini kengaytirish muhimligi ta’kidlandi.
Siyosiy muloqotni chuqurlashtirish, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik loyihalarini ilgari surish masalalari muhokama etildi. Xavfsizlikka zamonaviy tahdid va xatarlarga qarshi kurashish bo‘yicha idoralararo hamkorlikni kuchaytirish va qo‘shma tadbirlar o‘tkazishga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, mintaqaviy hamkorlik va xalqaro tashkilotlar doirasidagi sheriklikning dolzarb jihatlari yuzasidan fikr almashildi.