Koreya Xalq Demokratik Respublikasi rahbari Kim Chen In mamlakat tashkil topganining 76 yilligiga bag‘ishlangan tadbirda Pxenyan yadro arsenalini izchil mustahkamlashga harakat qilayotgani eslatib, KXDR “mas’uliyatli” yadroviy davlatligini yana bir bor ta’kidladi.

“KCNA” axborot agentligi tarqatgan suratlarda poytaxtning markaziy qismida minglab odamlar bayramni nishonlash uchun yig‘ilganini ko‘rish mumkin.

Kim Chen In Qo‘shma Shtatlarni ittifoqchilari bilan birga “asosan, turli tahdidlar manbai” sifatida ta’riflab, Shimoliy Koreyaning yadroviy kuchlari yaxshiroq takomillashtirilishi kerakligini ma’lum qildi.

– Davlatimiz yadro quroliga ega raqib o‘lkalar tomonidan qilingan har qanday tahdidli harakatga to‘liq bardosh bera oladigan tizimni barqaror ravishda mustahkamlaydi, – dedi jumladan u o‘z nutqida. – Mamlakat barcha harbiy vositalar, jumladan yadroviy kuchlarni jangovar harakat uchun to‘liq tayyor holga keltirish bo‘yicha chora-tadbirlar, sa’y-harakatlarni ikki karra oshiradi.

KXDR yetakchisi so‘zi yakunida “o‘zimizni himoya qilish uchun mo‘ljallangan yadro qurolimiz hech kimga xavf tug‘dirmaydi”, deya qo‘shib qo‘ydi.

Bu tantanavor nutq Shimoliy va Janubiy Koreya o‘rtasidagi munosabat so‘nggi yillardagi eng salbiy darajaga tushib qolgan, shimoliy davlat yaqinda o‘zining janubiy chegarasiga 250 ta ballistik raketa uchiruvchi qurilma joylashtirilganini e’lon qilgan paytga to‘g‘ri keldi.

– 2021 yil bo‘lib o‘tgan partiyaning 8-qurultoyidan so‘ng Shimoliy Koreya yadroviy, xususan taktik qurollar diversifikatsiyasi taklifini ilgari surdi, – dedi Asan siyosatshunoslik instituti ilmiy xodimi Yang Uk. – 2027 yilga borib KXDR 200 ga yaqin jangovar kallak uchun yetarli yadroviy material to‘play oladi. 2030 yilga borib esa bu ko‘rsatkich 300 taga yetishi mumkin.

O‘tkir XON, O‘zA