Hurmatli konferensiya qatnashchilari!

Xonimlar va janoblar!

Avvalo, siz, azizlarni bugungi nufuzli anjuman – Xalqaro to‘qimachilik ishlab chiqaruvchilari federatsiyasi va Xalqaro kiyim-kechak federatsiyasining qo‘shma konferensiyasi ochilishi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Ushbu qo‘shma konferensiya O‘zbekistonda ilk bor o‘tkazilayotgani uchun Xalqaro to‘qimachilik ishlab chiqaruvchilari federatsiyasi prezidenti Key Vi Shrinavasan va Xalqaro kiyim-kechak federatsiyasi prezidenti Chem Altan janoblariga alohida minnatdorchilik bildiraman.

Mazkur anjumanda qatnashayotgan sohaning yuqori martabali vakillariga, nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlariga ham tashakkur izhor etaman.

Qadimiy buyuk ipak yo‘li durdonasi, usta hunarmandlar yurti bo‘lgan azim Samarqand shahriga xush kelibsiz!

Hurmatli konferensiya ishtirokchilari!

Biz keyingi yillarda mamlakatimizda investitsiya va biznes muhitini tubdan yaxshilash, xorijiy va mahalliy investorlar uchun har tomonlama qulay sharoitlar yaratish borasida qat’iy qadamlar tashladik.

Har bir soha va tarmoqda bo‘lgani kabi, to‘qimachilik va kiyim-kechak sanoatida ham keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirmoqdamiz.

Eng avvalo, paxta yetishtirishda davlat monopoliyasiga barham berildi, xomashyodan tayyor mahsulotgacha bo‘lgan jarayonni to‘liq qamrab olgan klaster tizimi yaratildi va bosqichma-bosqich takomillashtirib borilmoqda.

Sohadagi islohotlarimiz nufuzli xalqaro tashkilotlar tomonidan e’tirof etilib, O‘zbekistonga nisbatan “paxta boykoti” bekor qilindi. Bu borada “Cotton Capaign” xalqaro koalitsiyasi bilan hamkorligimiz davom ettirilmoqda.

Shu bilan birga, barqaror qonunchilik bazasi yaratilgani, investitsiyaviy muhit yaxshilangani, yangi texnologiyalar joriy etilgani natijasida paxta tolasini qayta ishlash 2017 yildagi 40 foizdan 100 foizga yetdi. Ayni vaqtda chetdan tola va xomashyo olib kelib, yuqori qo‘shilgan qiymatli tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish borasidagi ishlar ham boshlandi.

Sohada yaratilgan imkoniyatlar tufayli to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 5 barobar ko‘paydi, ularning eksporti 4 karra ortdi.

Eng muhimi, ilgari sohada eksportning salmoqli qismi, ya’ni 70 foizi xomashyo hissasiga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, bugungi kunda chetga sotilayotgan tovarlarning 60 foizini tayyor mahsulotlar tashkil etmoqda.

Biz islohotlarni boshlagan ilk davrdayoq inson kapitalini rivojlantirish, aholi, ayniqsa yoshlar va ayollarni kasbga o‘rgatish, barcha sohalar uchun malakali kadrlar tayyorlashni ustuvor vazifa sifatida belgilab oldik va bu masalalar bundan buyon ham diqqatimiz markazida bo‘ladi.

Korxonalardagi ishchilar uchun xalqaro talablarga javob beradigan, munosib mehnat sharoitlari yaratilmoqda, “Better Work” va “Better Cotton” dasturlari tizimli joriy etilmoqda.

Sohada band bo‘lgan 600 mingdan ziyod aholining mehnat huquqlarini ta’minlash va ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Shuningdek, to‘qimachilik sohasida milliy brendlarni yaratish, mamlakatimizga nufuzli xalqaro va xorijiy brendlarni jalb etish bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rilmoqda.

Mamlakatimizda Germaniyaning “Timdres”, Italiyaning “Kotonella”, Singapurning “Indorama”, Koreyaning “Posko Interneyshnl” va “Yang-van” kompaniyalari kabi jahon bozorining nufuzli ishtirokchilari samarali faoliyat olib bormoqda.

O‘zbekiston to‘qimachilik sanoati jahondagi ishlab chiqarish jarayonlariga faol integratsiya bo‘lib, dunyoning barcha qit’alarida ishonchli hamkorlarimiz ko‘paymoqda.

Ta’kidlash joizki, xorijiy investorlar va xalqaro brendlar bilan uzoq muddatli hamkorlik qilish, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish, milliy brendlarni xalqaro darajaga olib chiqish – kelgusida ham to‘qimachilik sanoatidagi ustuvor yo‘nalishlarimiz bo‘lib qoladi.

Ishonchim komil, bugungi konferensiya ushbu sohada o‘zaro hamkorlikni xalqaro miqyosda yanada yuksaltirish va mustahkamlash, ilg‘or tajriba va g‘oyalar bilan almashish uchun samarali platforma bo‘lib xizmat qiladi.

Bu esa, anjumanda ishtirok etayotgan 500 dan ziyod milliy va xalqaro tashkilotlar, ishlab chiqaruvchilar va “riteyl” kompaniyalar vakillari o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirib, soha rivojini yangi sifat bosqichiga olib chiqish imkonini beradi, deb umid qilaman.

Biz xorijiy hamkorlarimizning o‘zaro manfaatli barcha tashabbuslarini yuksak baholaymiz va qo‘llab-quvvatlaymiz. Jumladan, xalqaro brendlar O‘zbekistonga kirib kelishi uchun zarur standartlarni joriy etishda har tomonlama ko‘maklashamiz.

Nufuzli xalqaro tashkilotlarga konferensiya, ko‘rgazma, moda namoyishlarini yurtimizda, ayniqsa, turizm va sanoat salohiyati yuqori bo‘lgan Buxoro, Xiva, Shahrisabz, Marg‘ilon, Qo‘qon, Namangan, Andijon shaharlarida muntazam o‘tkazib borishlari uchun barcha sharoitlarni yaratib berishga tayyormiz.

Aminmanki, yurtimizning qadimiy tarixi, boy madaniy merosi, mehnatkash va olijanob xalqimiz bilan uchrashuvlar sizlarda unutilmas taassurotlar qoldiradi, hududlarimizning ulkan ijtimoiy-iqtisodiy salohiyati esa, investorlarni yangi-yangi loyihalarni amalga oshirishga undaydi.

Sizlarni bugun o‘z ishini boshlayotgan yirik anjuman bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga mustahkam sog‘liq, baxt-saodat, konferensiya ishiga esa muvaffaqiyatlar tilayman.

 

Shavkat Mirziyoyev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti