O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5 sentyabr kuni Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi Siyosiy byurosi a’zosi, Tyanszin shahri partiya qo‘mitasi kotibi Chen Miner boshchiligidagi Xitoy Xalq Respublikasi delegatsiyasini qabul qildi.
Uchrashuv boshida Chen Miner davlatimiz rahbariga Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Oliy darajadagi kelishuvlarga muvofiq O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik va amaliy sheriklikni, ayniqsa, faol hududlararo muloqot doirasida yanada chuqurlashtirish masalalari muhokama qilindi.
Keyingi yillarda O‘zbekiston-Xitoy do‘stlik va har qanday sharoitda ham strategik sheriklik munosabatlarida yuksak darajaga erishilgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Tyanszin shahrining yetakchi kompaniyalari bilan savdo, sanoat, “yashil” energetika, qurilish va infratuzilmani modernizatsiya qilish, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, farmatsevtika va boshqa sohalarda kooperatsiya loyihalarini ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi.
Innovatsiyalar, ta’lim va madaniyat sohalarida almashinuv dasturlarini kengaytirish muhimligi ta’kidlandi.
O‘zbekiston hududlari va Tyanszin shahri o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlik bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni qabul qilishga kelishib olindi.