Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida elektrotexnika sohasida ishlab chiqarish, eksport va investitsiyalarni ko‘paytirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilish so‘ngida davlatimiz rahbari soha vakillari va tadbirkorlari bilan muloqot qilib, ularning muammolari va takliflarini eshitdi. Jumladan, muloqotda:
– sanoat elektrotexnika mahsulotlarini lizing asosida sotish tizimini joriy etish;
– yillik eksporti 50 million dollardan ko‘p bo‘lgan korxonalarga aylanma mablag‘ uchun beriladigan kredit miqdorini oshirish;
– foyda solig‘ini hisoblashda korxonalarning ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlariga sarflagan xarajatini chegirish tizimini takomillashtirish;
– avtomobil akkumulyatori chiqindisini utilizatsiya qilish tizimini joriy etish;
– yangi loyihalarni amalga oshirishda zamonaviy uskuna sotib olishga yo‘naltirilgan mablag‘ning bir qismini foyda solig‘i bazasidan chegirish kabi taklif va tashabbuslar bildirildi.
Davlatimiz rahbari tegishli vazirlik va idoralarga aytilgan fikr va masalalarni puxta o‘rganib, tegishli hujjatlar loyihalarini kiritish bo‘yicha topshiriq berdi.
Yig‘ilish davomida tarmoq va hududlar rahbarlarini hisobotlari tinglandi.
O‘zA